Toshkent viloyatining barcha hududlari poytaxt bilan tezkor elektr poyezdlar orqali bogʻlanadi
Prezident ushbu hudud boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi. Yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik va kambagʻallik darajasini 4,5 foizga tushirish hisob-kitobi qilingan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 sentabr kuni Toshkent viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Keyingi 8 yilda viloyatga 10 milliard dollar hududiy, 8 milliard dollar tarmoq investitsiyalari kiritilgan, 10 mingga yaqin sanoat, savdo va servis korxonalari ishga tushgan.
Oxirgi 3 yilda yillik aylanmasi 10 milliard soʻmdan koʻp boʻlgan korxonalar soni 1,8 barobar oshib, 1,7 mingga yetgan. Yana aylanmasi 100 milliard soʻmdan yuqori korxonalar esa 137 tadan 193 taga koʻpaygan. Natijada oldingi yillarda yillik oʻrtacha eksport 1 milliard dollarga ham yetmagan boʻlsa, shu yilning 8 oyida bu raqamdan oshgan.
Viloyatda xitoylik investorlar tomonidan 2,1 milliard dollarlik yirik sanoat parklari tashkil etilmoqda. Shuningdek, viloyatni 2025-2027 yillarda jadal rivojlantirish boʻyicha Prezident qarorlari qabul qilinib, ular ijrosi uchun 40 trillion soʻmdan ziyod mablagʻlar yoʻnaltirilgan. Bularning bari hududlarda ishsizlikni pasaytirib, kambagʻallik darajasini qisqartirish imkonini bermoqda. Yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik va kambagʻallik darajasini 4,5 foizga tushirishning aniq hisob-kitobi qilingan.
Bunday natijalarni oshirish maqsadida davlatimiz rahbarining tashabbusiga muvofiq, Toshkent viloyatida ham “Islohotlar shtabi” tuzildi. Yigʻilishda shtab tomonidan tayyorlangan reja va loyihalar taqdimot qilindi.
Prezidentimiz tomonidan mazkur loyihalarni bekam-koʻst amalga oshirishga koʻmaklashish, ayrim masalalarni zudlik bilan yechish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Jumladan, Nurafshon, Olmaliq va Chirchiq shaharlarida xorijiy investitsiya ishtirokida sanoat korxonalarini tashkil etish uchun 2 ta nimstansiya qurish koʻzda tutilmoqda.
Bekobod shahrida import oʻrnini bosuvchi avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, Oqqoʻrgʻon tumanida oziq-ovqat va toʻqimachilik korxonalarini ochish, Ohangaron, Angren va Oʻrta Chirchiq hududidan oqib oʻtuvchi Qorasuv kanali boʻyida turizm va savdo maskanlarini tashkil etish imkoniyati bor.
Umuman, viloyatda 2 milliard 500 million dollarlik investitsiyaviy loyihalar ishlab chiqilgan. Ularning natijasida 11 mingdan ziyod aholi bandligi taʼminlanadi, 434 million dollarlik eksport quvvati yaratiladi.
Prezident loyihalar bilan atroflicha tanishib, qoʻshimcha imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtdi.
– Toshkent viloyati sanoatda ham, qishloq xoʻjaligida ham eng katta salohiyatga ega hudud. Asosiysi, viloyat yurtimizdagi eng yirik isteʼmol va xizmatlar bozorini, yaʼni poytaxtimizni har tomondan oʻrab turadi. Bu ham juda katta imkoniyat. Uni toʻliq ishga solib, investitsiya, eksport va ish oʻrni koʻrsatkichlarini karrasiga oshirsa boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda Toshkent shahri va tumanlari hokimlari ham qatnashdi. Toshkent viloyatidagi boʻsh yerlar “Toshkent invest” kompaniyasi va shaharning sanoat zonalari direksiyasiga ajratilib, ekologiyaga zarar keltirayotgan korxonalar koʻchirilishi aytildi.
Toshkent viloyatining barcha hududlarini poytaxt bilan tezkor elektr poyezdlar orqali bogʻlash vazifasi belgilandi. Bu orqali u yerlarda ham yangi uy-joylar, infratuzilma va xizmatlarga talab oshadi, odamlar poytaxtga qatnab ishlashi mumkin boʻladi.
Viloyatdagi 263 ta mahalla biror mahsulot yetishtirish, sanoat yoki xizmat koʻrsatishga ixtisoslashmagan. Shu bois, ularda bogʻdorchilik, limon, uzum, malina, brokkoli va koʻchat yetishtirishni rivojlantirish moʻljallanmoqda. Bu mahallalarga “Agrostar” kompaniyasini bogʻlab, urugʻ, koʻchat va kafolatli xarid boʻyicha odamlarga yordamlashish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Toshkent viloyati yer va suvga juda boy. Bundan samarali foydalanib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini koʻpaytirish bilan birga ularni qayta ishlab, eksportini oshirish vazifasi qoʻyildi.
Umuman, barcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarib, mahallalarni ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish zarurligi taʼkidlandi.