platina.uz
Jamiyat

Pullik toʻxtash joylari uchun maxsus imtiyozlar taqdim etiladi

Imtiyozlar bunday joylarga yaqin yashovchi koʻp qavatli uylar aholisi uchun beriladi. Ushbu yengillik sutkaning kechki paytidan tonggacha tatbiq etiladi. 

Pullik toʻxtash joylari uchun maxsus imtiyozlar taqdim etiladi

Toshkentda pullik toʻxtash joylari uchun maxsus imtiyozlar yaratiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.

Pullik toʻxtash joylari tashkil etilgan koʻchalarda koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi uchun maxsus imtiyozlar yaratilmoqda.

Bunda poytaxt aholisi uchun rezidentlik ruxsatnomalari joriy etilib, ruxsatnoma egalari oʻz mahallasi hududidagi toʻxtash joylaridan sutkaning kechki paytidan tonggacha imtiyozli shartlarda foydalanish imkoniga ega boʻladilar.

Shuningdek, kunduzgi vaqtda ham muayyan chegirmalar beriladi, bayram va dam olish kunlarida esa yanada kengroq imtiyozlar taqdim etiladi.

Hozirgi kunda rezidentlik ruxsatnomalarini elektron tartibda olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya ishlari olib borilmoqda. Jarayonlar joriy yil noyabr oyiga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.

Ushbu ishlar yakunlanganidan soʻng, Toshkent shahar hokimining tegishli qarori qabul qilinib, ruxsatnoma berish tartibi, amal qilish muddati, huquqqa ega boʻluvchi fuqarolar toifasi, taqdim etiladigan imtiyozlar roʻyxati aniq belgilanadi, deyiladi xabarda.

Qaror qabul qilingan vaqtda aholi tanishib chiqishlari uchun belgilangan tartibda eʼlon qilinadi.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili oktabrda Toshkentda 14 mingga yaqin pullik avtoturargoh manzillari tasdiqlangandi.

Ushbu manzillar toʻliq avtomatlashtirilib, videokuzatuv qurilmalari oʻrnatilishi, imtiyozli foydalanish imkoniyati mavjud boʻlishi belgilangan.

Pullik avtoturargohlar haqida esa bu yerda batafsil oʻqishingiz mumkin.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid