platina.uz
Jahon

AQShda Trampning mashhur tarafdorlaridan biri otib oʻldirildi

Charli Kirk maktablar, kollejlar va universitetlarda konservativ qadriyatlarni targʻib qiluvchi harakatga asos solgandi. Tramp bu voqeadan keyin mamlakatda bayroqlarni yarim tushirishni buyurdi. 

AQShda Trampning mashhur tarafdorlaridan biri otib oʻldirildi

Siyosiy faol va prezident Donald Tramp tarafdori Charli Kirk Yuta universiteti kampusidagi nutqi vaqtida otib tashlandi.

Kirkning boʻyniga oʻq uzilgan, u ogʻir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan. Keyinroq AQSh prezidenti Donald Tramp Kirk vafot etganini aytdi.

Tramp oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻida mamlakat boʻylab bayroqlarni toʻrt kun davomida, yakshanba oqshomiga qadar motam belgisi sifatida yarim tushirishni buyurganini eʼlon qildi.

"Buyuk va afsonaviy Charli Kirk vafot etdi. Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi yoshlarni Charlidan koʻra yaxshiroq tushunadigan va qaygʻuradigan hech kim yoʻq. Uni hamma yaxshi koʻrardi. Melaniya va men uning goʻzal rafiqasi Erika va oilasiga hamdardlik bildiramiz. Charli, biz sizni yaxshi koʻramiz!" deya yozgan Tramp.

31 yoshli Charli Kirk Trampning taniqli tarafdori va podkast boshlovchisi boʻlib, maktablar, kollejlar va universitetlarda konservativ qadriyatlarni targʻib qilish maqsadida AQShning Turning Point talabalar guruhiga asos solgan.

Kirkka 100-200 metr masofadan oʻq uzilgan. Mahalliy hukumat dastlab hujumda gumonlanuvchini qoʻlga olganini maʼlum qilgan, biroq keyinroq maʼlum boʻlishicha, otishma sodir etgan shaxs haligacha qoʻlga olinmagan.

Yuta shtati gubernatori, respublikachi Spenser Koks qotillik siyosiy sabablarga koʻra sodir etilganini aytdi.

"Bu bizning davlatimiz uchun qora kun. Men aniq aytmoqchiman: Bu siyosiy qotillik", - dedi gubernator Koks jurnalistlarga.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid