2026 yil boshida aholini roʻyxatga olish tadbirlari oʻtkaziladi
Ushbu tadbirlar dastlabki 17 kunda internet orqali, keyingi bir oy mobaynida esa “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Oʻzbekistonda 2026 yil yanvar va fevral oylarida aholi roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 sentabr kuni aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish ishlarini samarali tashkil etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatni rivojlantirish istiqbollarini belgilashda aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari, yashash darajasi va farovonligi, qishloq xoʻjaligi holatini aniqlash juda muhim. Bunda roʻyxatga olish dolzarb ahamiyatga ega.
Yurtimizda umummilliy roʻyxatga olish oxirgi marta 1989 yilda oʻtkazilgan. Soʻnggi yillarda bu yoʻnalishda qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Aholini roʻyxatga olish toʻgʻrisida” qonun qabul qilinib, aholini har 10 yilda, qishloq xoʻjaligini esa har 5 yilda kamida bir marta roʻyxatdan oʻtkazish belgilangan.
Shu bois, 2021 yilda aholini, 2022 yilda esa qishloq xoʻjaligini sinov tariqasida roʻyxatga olish tadbirlari oʻtkazildi. Lekin toʻlaqonli roʻyxatga olishni oʻtkazish uchun zarur omillar va xalqaro tajribalarni oʻrganish hamda tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish maʼlum vaqtni taqozo etishi bois, bu tadbir keyinga qoldirilgan edi.
Taqdimotda xalqaro tajribadan kelib chiqib hamda Jahon banki, YuNFPA va FAO tashkilotlari ishtirokida ishlab chiqilgan aholi va qishloq xoʻjaligini bir vaqtda roʻyxatdan oʻtkazish taklifi koʻrib chiqildi.
Unga koʻra, Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtkazish tadbirlari 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar oʻtkaziladi. Uning dastlabki 17 kuni internet orqali, keyingi bir oy mobaynida esa “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Mazkur usul orqali xarajatlar sezilarli qisqarib, 1,3 trillion soʻm mablagʻ tejaladi. Shuningdek, roʻyxatga olish jarayonlari oddiy va shaffof tarzda tashkil etiladi. Savollarning soni avval rejalashtirilgan 328 tadan 71 taga qisqartirildi.
Roʻyxatga olish natijasida Yevropa statistiklar konferensiyasining 2020 yildagi tavsiyalari asosida 38 million aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari toʻgʻrisida yagona maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.
Mamlakatimizdagi qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanish holati, chorva mollari va parrandalar soni aniqlanadi. Bu orqali qishloq xoʻjaligiga yoʻnaltirilayotgan yillik 25,6 trillion soʻm, jumladan, 2,2 trillion soʻm byudjet mablagʻlarining samaradorligi, sohadagi xizmatlar hajmi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun zarur maʼlumotlar toʻplami yaratiladi.
Roʻyxatga olish jarayonlarini samarali amalga oshirish uchun “mahalla yettiligi” maxsus oʻquv dasturi asosida tayyorlanadi va ragʻbatlantiriladi. Buning uchun Jahon banki koʻmagida amalga oshirilayotgan statistika tizimini mustahkamlash loyihasining mablagʻlari yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targʻibot ishlari yoʻlga qoʻyiladi. Maxsus koʻrsatuv va videoroliklar namoyish etilib, fuqarolarning xabardorligi oshiriladi.
Umuman, mazkur tadbirlar aholi va qishloq xoʻjaligining real koʻrsatkichlarini aniq belgilash, davlat dasturlarini maqsadli hamda samarali amalga oshirish uchun muhim ahamiyatga ega boʻladi.
Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlarini tizimli va sifatli amalga oshirish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.