platina.uz
Tahlil

Toshkentda uy va mashina sotib olish uchun necha yil ishlash kerak?

Oʻzbekiston sharoitida oʻrtacha statistik oila oʻz orzusiga – uyi va avtomobilga ega boʻlishi uchun qancha yil mehnat qilishi lozim? Buni hisoblab koʻrish qiyin emas.

Toshkentda uy va mashina sotib olish uchun necha yil ishlash kerak?
Fotokollaj: Platina.uz

Odam baxtli yashashi uchun nimalar zarur boʻladi? Bu savolga hamma har xil javob beradi. Boylar “baxt pulda emas, muhimi – falon-piston” deb falsafa soʻqishadi. Kambagʻallar esa “avvalo sogʻliq, tinchlik boʻlsin, hamma narsaga asta-sekin erishaman” deb javob beradi. Lekin oʻsha “hamma narsa” nima?

Eng muhimi albatta boshpana boʻlishi, oʻz uying – oʻlan toʻshaging deb bekorga aytishmagan. Toʻgʻri ijarada ham umr oʻtkazish mumkin. Ammo bu avvalo insonning jamiyatdagi maqomini pasaytiradi. Ijara sohibi, vaziyatga qaramlik, har oy pul toʻlash majburiyatining ruhiy bosimi ijarachiga salbiy taʼsir qiladi. Hatto ayrim tadqiqotlarga koʻra ijarada turuvchilar oʻz uyiga ega odamlarga nisbatan kamroq umr koʻrishar ekan.

Hayotda oʻz avtomobiliga ega boʻlish koʻpgina qulayliklar berishi bilan birga, jamiyatdagi mavqega ham ijobiy taʼsir qiladi. Insondagi muvaffaqiyat, yutuqlar omad va mehnatlari samarasini ifoda qiladi.

Xulosa qilib aytganda, oʻz uyi va avtomobiliga ega boʻlish aksariyat yosh oilalarning eng ulkan maqsadlari hisoblanadi.

Xoʻsh, Oʻzbekiston sharoitida oʻrtacha statistik oila oʻz ushbu orzusiga – uyi va avtomobilga ega boʻlishi uchun qancha mehnat qilishi lozim? Buni hisoblab koʻrish qiyin emas.

Oʻrtacha statistik oila va umumiy orzu

Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2022 yilda mamlakatda 2 farzandi bor oilalar koʻproq (26,3%) boʻlgan. Ulardan 75,3 foiz oilada farzandlar 16 yoshga kirmagan. Bunday oila uchun narx-qulaylik proporsiyasida eng maqbul variant – 2 xonali (50-70 kv m) xonadon hisoblanadi.

Oʻzbekiston yoʻllarida Chevrolet avtomobillari yetakchilik qilmoqda. 2024 yilda mamlakatda eng koʻp sotilgan modellar orasida Chevrolet Cobalt, Chevrolet Damas, Chevrolet Tracker, va Chevrolet Onix bor.

Shunday qilib, Toshkent shahrida 2 xonali xonadon va Chevrolet Onix sedani uchun pul jamgʻarayotgan, 2 nafar voyaga yetmagan farzandiga ega yosh oilani tasavvur qilaylik.

Ular oʻz orzusiga qanday va qancha vaqtda yetisha oladi?

Orzular sari

Statistikaga koʻra, 2025 yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston boʻyicha oʻrtacha nominal ish haqi 5 982 300 soʻmni tashkil etgan. Toshkentda esa bu koʻrsatkich 10 138 400 soʻm boʻlib, mamlakat oʻrtachasidan deyarli ikki barobar yuqori.

Hisob-kitoblarga koʻra, bu oyiga taxminan 800-820 dollar atrofida boʻladi. Demak, poytaxtda ikki ota-onasi ham ishlaydigan oila umumiy daromad sifatida oyiga taxminan 16-18 mln soʻm (har biri 8-9 mln atrofida maosh olsa) daromad topishi mumkin.

Inflyatsiya va isteʼmol savatchasi taʼsiri

2025 yil may oyida Toshkentda inflyatsiya 109,5% (yillik holatda) boʻlib, narxlar 9,5% ga oʻsgan. Bu maoshning xarid qobiliyati pasayishiga olib keladi, natijada jamgʻarmalar ham sekinroq toʻplanadi, ayniqsa, oziq-ovqat va xizmatlar qimmatlagan sharoitda bu aniq namoyon boʻladi.

“Isteʼmol savatchasi” tushunchasi oʻrniga Oʻzbekistonda MIX (minimal isteʼmol xarajatlari) tushunchasi qoʻllaniladi. Statistika agentligi MIX koʻrsatkichini Oʻzbekistonda 2025 yilda kishi boshiga 669 000 soʻm ekanini qayd etgan. Bu mablagʻ 4 kishiga hisoblansa, jami 2 mln 676 ming soʻmni tashkil qiladi. Ushbu pullar, albatta, kambagʻallik darajasidan yuqori hayot tarzi uchun hisoblangan boʻlib, muhtoj aholi qatlamlariga ijtimoiy yordam qiymatini hisoblash uchun qoʻllaniladi asosan. Qoʻpol qilib aytganda, bu mablagʻ ochdan oʻlmaslik uchun, kiyim va boshqa xizmatlardan foydalanmasdan yashashni nazarda tutadi. Lekin bir tushlik narxi Toshkent shahrida oʻrtada 40 ming soʻm, yoʻlkira narxi kuniga kamida 6 ming soʻm ekanligi inobatga olinsa, kommunal, mobil aloqa, internet, kiyim-kechak, gigiyena va boshqa toʻlovlar bu ramkaga sigʻmaydi, albatta.

Shu bois, biz misol qilib olgan oʻrtacha statistik oila barcha xarajatlardan tashqari oyiga 5 mln soʻm orttirishi mumkin, deylik.

Avtomobilga kelsak, Chevrolet rasmiy saytida Onix modeli uchun minimal narx 176 900 000 soʻmdan boshlanadi (bazaviy komplektatsiya uchun).

Toshkent shahridagi koʻp qavatli uylardagi xonadonlarda kvadrat metr uchun oʻrta narx 1100 dollar deb olsak, 2 xonali xonadon uchun oʻrtacha 50 kv m yetarli boʻlsa, bu uyning narxi kvartira bahosi oʻrtacha 55 000 dollar, yaʼni taxminan 650-700 mln soʻm atrofida.

Necha yil pul yigʻish kerak?

Shunday qilib, avtomobilning narxi taxminan 177 mln soʻm boʻlsa, agar oila har oy 5 mln soʻmdan yigʻib borsa, avtomobil sotib olish uchun 35-36 oy, yaʼni 3 yil kerak boʻladi.

Uy narxi esa taxminan 684 mln soʻm boʻlsa, har oyda 5 mln soʻmdan yigʻilsa, 137 oy (12 yil) kerak boʻladi. Bu oyiga ipoteka kreditidan foydalanmagan holda pul yigʻib borilsa va inflyatsiyani inobatga olmagan holda qilingan sodda hisob-kitob.

Agar qoʻshimcha jamgʻarmalar, doʻst va qarindoshlar yordami yoki qarzi, bonuslar yoki ipoteka qoʻshilsa, muddat qisqarishi mumkin. Hozirgi paytda ikkilamchi ipoteka stavkalari yiliga taxminan 25% ni tashkil etadi, bu esa xarajatlarni oshiradi.

Qoʻl yetmas orzu emas

Shunday qilib, oʻrtacha statistik oila uchun uy va avtomobil orzusi haqiqatan ham ogʻir va uzoq yillik mehnat talab etadigan maqsad hisoblanadi. Bir qarashda, bu manzilga yetish deyarli imkonsizdek tuyulishi mumkin. Lekin aynan shu orzular insonni mehnat qilishga, oʻz ustida ishlashga va kelajagi haqida oʻylashga undaydi.

Oʻz uyi va avtomobiliga ega boʻlish – bu nafaqat moddiy neʼmat, balki insonning erkinligi, mustaqilligi va oilasi uchun maʼnaviy himoya hisoblanadi. Agar davlat tomonidan samarali ipoteka tizimi, aholi daromadini oshirishga qaratilgan iqtisodiy siyosat va ijtimoiy yordam mexanizmlari kengroq ishga tushirilsa, koʻplab yosh oilalar uchun bu maqsad uzoqdagi orzu emas, balki amaliy hayotiy dasturga aylanishi mumkin.

Yaʼni, baxtli hayot degani – nafaqat sogʻlik va tinchlik, balki insonning oʻz uyiga, oʻz mashinasiga, oilasi bilan erkin va munosib hayot kechirish imkoniyatiga egaligida ham namoyon boʻladi. Demak, uy va avtomobil – bu orzu emas, balki xalqning turmush darajasini belgilaydigan eng asosiy koʻrsatkichlardan biridir.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid