O'zLiDeP va Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyaci oʻrtasida memorandum imzolandi
Memorandum ikki partiya oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va unga aniq mazmun bagʻishlash, partiyaviy qurilish masalalarida tajriba almashishni koʻzda tutadi.

OʻzLiDep Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasida Turkiyaning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi oʻrinbosari Z.Sirakaya boshchiligidagi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Turkiya delegatsiyasi tarkibiga shuningdek, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisining turkiyzabon davlatlar bilan oʻzaro hamkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari K. Zorlu va boshqa bir qator rasmiy vakillar kirgan.
Mehmonlarni kutib olar ekan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi Aktam Haitov ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar izchil taraqqiy etib borayotganligiga urgʻu berdi.

Uchrashuvda partiyalararo aloqalarni mustahkamlash ushbu maqsadlarga erishishda muhim vosita ekaniga urgʻu berildi. Har ikki partiyaning aholi farovonligini oshirish, mamlakatlar ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash yoʻlidagi harakatlari bir-biriga uygʻunligi, ularni amalga oshirishda xalqaro hamkorlik mexanizmlarini ishga solish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ikki partiya oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va unga aniq mazmun bagʻishlash maqsadida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum imzolandi.
Mazkur hujjat doirasida partiyaviy qurilish masalalarida tajriba almashish, ikki davlat parlamentlari hamda mahalliy vakillik organlaridagi partiya deputatlik guruhlari oʻrtasida, yoshlar va ayollar qanotlari oʻrtasida aloqalarni rivojlantirish masalalari koʻzda tutilgan.
Qolaversa, ikki mamlakat hududlari oʻrtasida, tadbirkorlik subʼektlari oʻrtasida aloqalarni rivojlantirishga koʻmaklashish, ikki partiya tahliliy markazlari oʻrtasida hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish masalalariga ham urgʻu berilgan.
Bunday yaqin partiyalararo hamkorlik xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirildi.
“Adolat va taraqqiyot” partiyasi delegatsiyasi vakillari tashrif doirasida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatida boʻlib, parlament aʼzolari bilan muhim uchrashuvlar oʻtkazishdi. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasi, Shahidlar xotirasi yodgorlik majmui va Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylari bilan tanishishdi.