Notariuslar tomonidan ayrim hujjatlarning aslini talab qilish bekor qilinadi
Ular orasida shaxsni tasdiqlovchi hujjat, nikoh guvohnomasi kabilar bor. Notarius lavozimida boʻlishning eng yuqori yosh chegarasi ham oshiriladi.

Notarial xizmatlar koʻrsatishda ayrim talablar bekor qilinadi.
“Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–280-son, 09.09.2025 y.) qabul qilindi.
Gap nima haqida?
Qarorga koʻra, 2025 yil 1 dekabrdan respublikada notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalari nusxasini “Notarius” axborot tizimi (Tizim) ga majburiy yuklash tartibini joriy etish orqali ularning aslini notariuslar tomonidan talab qilish bekor qilinadi.
Bunda notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuvlar elektron qurilmalarda saqlanadi hamda ularni Tizimda toʻgʻridan-toʻgʻri notarial harakatga biriktirish va saqlash imkoniyati yaratiladi.
2026 yil 1 yanvardan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun notariusga Oʻzbekiston fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi hujjatning aslini taqdim etish talabi bekor qilinadi.
Bunda fuqarolarning shaxsi ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari orqali axborot texnologiyalaridan foydalangan holda identifikatsiya qilinadi hamda biometrik maʼlumotlar (barmoq izi va Face-ID) orqali verifikatsiya qilinadi.
2026 yil 1 apreldan koʻchmas mulk va undagi ulushlar bilan bogʻliq barcha bitimlar notarius tomonidan Tizim orqali davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun yuboriladi.
Soʻng, koʻchmas mulk obʼekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda uning yangi mulkdori haqidagi maʼlumotlar kommunal xizmatlar tashkilotlarining elektron axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi va maʼlumotlar bazalarida yangilanadi.
Qarorga koʻra, 2026 yil 1 martdan BHMning 1 000 baravarigacha boʻlgan quyidagi nizosiz talablar boʻyicha notariuslar tomonidan ijro xatlari yozish tartibi joriy etiladi:
-notarial tasdiqlangan bitimlarga asoslangan talab;
- yozma va notarial tasdiqlangan bitim mavjud boʻlgan taqdirda, undiruvni qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti boʻlgan koʻchar mol-mulkka qaratish toʻgʻrisida talab;
- ijara toʻlovlari, koʻp kvartirali uylardagi joylarning mulkdorlaridan majburiy badal va toʻlovlar, kommunal va aloqa xizmatlari boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida talablar.
Shuningdek, 2026 yil 1 apreldan Oʻzbekistonda notarius lavozimida boʻlishning eng yuqori yosh chegarasi 65 yoshdan 70 yoshga oshiriladi.