platina.uz
Jamiyat

Yuqori sinflar uchun sunʼiy intellekt darslari oʻtiladi

Hokimlarga 9-sinf bitiruvchilarining kamida 50 foizini texnikumlarga qamrab olish topshirildi. Bk maqsadda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil qilinadi.

Yuqori sinflar uchun sunʼiy intellekt darslari oʻtiladi

Yigʻilish kun tartibidagi navbatdagi masala – maktab taʼlimi.

Olis hududlardagi 74 ming oʻquvchi hozirgacha 5-7 kilometr uzoqlikdan maktabga qatnayotgani qayd etildi.

Qashqadaryo va Surxondaryo hokimlari bu masalani ichiga kirib, mablagʻini hal qilib, 100 ta maktabda bepul avtobus qatnovini yoʻlga qoʻygan. Samarqand va Jizzax viloyatlari hokimlari ham bir oyda 100 ta shunday maktabga avtobus qatnovini yoʻlga qoʻyish tashabbusi bilan chiqqan.

Bu qolgan hududlar uchun namuna ekani koʻrsatib oʻtildi.

Uch yil ichida iqtidorli oʻquvchilar uchun 201 ta ixtisoslashgan maktab tashkil qilindi. Lekin 12 ta ixtisoslashgan maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari haligacha yakunlanmagani qayd etildi.

Tegishli viloyatlar hokimlariga ishlarni yil oxirigacha yakuniga yetkazish topshirigʻi berildi.

Oʻtgan yildan boshlab 1-sinflarda axborot texnologiyalari darslari yoʻlga qoʻyildi. Keyingi oʻquv yilidan yuqori sinflar uchun sunʼiy intellekt boʻyicha darslar kiritiladi.

Buning uchun 2 mingta sinf xonasiga kompyuter, 6 ming 300 ta interfaol doska kerak. Ushbu maqsadlarga zarur mablagʻlarni keyingi yil davlat byudjetida nazarda tutish topshirildi.

Iqtidorli oʻquvchilarga sharoit yaratish uchun viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik boʻyicha Mirzo Ulugʻbek, tabiiy fanlar yoʻnalishida Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi.

Endi ularning barchasi hududlardagi texnika oliygohlariga nomma-nom biriktiriladi. Yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar ushbu oliygohlarning 2-kursiga qabul qilinadi.

2026 yilda maktab oʻquvchilari oʻrtasida eng nufuzli ikkita – xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk bor Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadi.

Bosh vazirga poytaxtimizda ushbu olimpiadalarni yuqori saviyada oʻtkazish uchun barcha tashkiliy masalalarni nazoratga olish topshirildi.

Bogʻcha va maktablardagi 10 dan ziyod xizmatlar raqamlashgani hisobiga sohada korrupsiya keskin kamaydi.

Shu bilan birga, maktablarga oʻquvchilarni qabul qilish, bogʻcha tarbiyalanuvchilari davomati haligacha raqamli platformaga toʻliq oʻtmagan.

Masalan, mikrohududlar aniq belgilanmagani uchun 144 ta tumandagi 8 mingta maktabda oʻquvchilar eskicha tartibda qabul qilinmoqda, bogʻchalarda xodimlar tabeli qogʻozda yuritilyapti.

Mutasaddilarga yil yakunigacha 144 ta tumandagi maktablarning mikrohududini aniq belgilash topshirildi. Keyingi oʻquv yiligacha maktab va bogʻchalardagi barcha xizmatlar toʻliq raqamli formatga oʻtishi shartligi qayd etildi.

Kuni kecha Prezident maktabdan tashqari taʼlimni yangi bosqichga olib chiqish, oʻquvchilarni boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish boʻyicha qarorni imzoladi.

Joylardagi 219 ta “Barkamol avlod” maktabi, “Yoshlik” sport jamiyati, Oʻquvchi yoshlar markazi va Oʻzbekiston bolalar tashkiloti negizida respublika, hudud va tumanlarda “Kelajak” markazlari tashkil etiladi.

“Kelajak” markazlari maktablar bilan uzviy va maqsadli tadbirlarni jonlantirib, muhandislik, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, kitobxonlik, sport va ekologiya yoʻnalishlari boʻyicha oʻquvchilarni toʻgaraklarga jalb qiladi.

Ushbu tizim bilan barcha maktablar qamrab olinishi taʼkidlandi. Har bir oʻrta maktabda maslahatchi lavozimi joriy qilinadi. Maslahatchilar oʻquvchilarning qobiliyati va qiziqishiga qarab, til, kasb, muhandislik, ijod, sanʼat va sport toʻgaraklarini tashkil qiladi.

Maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlari sinf rahbari, maktab psixologi bilan xulq-atvorida salbiy oʻzgarish boʻlgan oʻquvchilarni taʼlim va oiladagi muammolarini oʻrganib, ularni yengib oʻtishga hamrohlik qiladi.

Mahalladagi yoshlar yetakchilari esa oʻquvchilarni maktabdan tashqari vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun masʼul boʻladi.

Eng asosiysi, endi maktablarda oʻquvchilarning toʻgaraklar, sport, volontyorlik va olimpiadalarda erishgan natijalari boʻyicha “raqamli portfolio”si shakllanib, elektron shahodatnomada koʻrsatiladi.

“Bizda 450 ming oʻquvchini qabul qila oladigan 598 ta texnikum bor. Bu yoshlar uchun juda katta resurs, sharoit va imkoniyat.

Lekin bu yil 9-sinfni 608 ming oʻquvchi bitirgan boʻlsa, ularni atigi 182 ming nafari texnikumlarga boryapti.

Bugundan boshlab bir yil yoshlarni kasb-hunarga oʻrgatish yili boʻladi”, – dedi Prezident.

Mutasaddilar zimmasiga viloyat va tuman hokimlari bilan birgalikda Prezident va ixtisoslashgan maktabda orttirilgan tajriba asosida joriy yilda 598 ta texnikumga xalqaro standart boʻyicha zamonaviy kasbga oʻqitish muhitini olib kirish vazifasi qoʻyildi.

Umuman, viloyat va tuman hokimlariga kelgusi oʻquv yilida 9-sinf bitiruvchilarining kamida 50 foizini, hozirgiga qoʻshimcha yana 200 ming oʻquvchini texnikumga qamrab olish topshirildi.

Bu ishlarni yagona siyosat asosida olib borish uchun Kasbiy taʼlim agentligi tashkil qilinadi.

Avvalroq Prezident bogʻchalar boʻyicha hokimlarga noyabrgacha muhlat bergandi.

118 ta bogʻchadagi 255 ta xona taʼmirga muhtoj boʻlgani uchun boʻsh turibdi. Oʻrta maxsus maʼlumotli tarbiyachilar uchun “1+5” (1 kun oʻqish, 5 kun ish) bakalavr taʼlim shakli joriy qilinadi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid