platina.uz
Jamiyat

Prezident bogʻchalar boʻyicha hokimlarga noyabrgacha muhlat berdi

118 ta bogʻchadagi 255 ta xona taʼmirga muhtoj boʻlgani uchun boʻsh turibdi. Oʻrta maxsus maʼlumotli tarbiyachilar uchun “1+5” (1 kun oʻqish, 5 kun ish) bakalavr taʼlim shakli joriy qilinadi. 

Prezident bogʻchalar boʻyicha hokimlarga noyabrgacha muhlat berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Joriy yilda bogʻcha oʻrinlarini qoʻshimcha 182 mingtaga koʻpaytirish rejalashtirilgan. Ularning 82 mingi yangi bogʻchalar hissasiga toʻgʻri keladi.

Tumanlar hokimlari qolgan oʻrinlar nima hisobidan yaratilishini oʻylamayotgani tanqid qilindi.

Misol uchun, 118 ta bogʻchadagi 255 ta xona taʼmirga muhtoj boʻlgani uchun boʻsh turibdi. Yoki joylarda 8 ta bogʻchani qurish va taʼmirlash 2-3 yildan beri choʻzilmoqda.

Chimboy, Gʻallaorol, Qiziriq, Boysundagi 1 tadan bogʻcha hali taʼmirdan chiqmagan. Dehqonobod, Sariosiyo, Boʻstonliq, Nurafshonda 1 tadan yangi bogʻcha qurilishi yakunlanmagan.

Viloyat va tumanlar hokimlariga 118 ta bogʻchadagi xonalarni taʼmirlab jihozlashga, yana 8 ta bogʻchani toʻliq ishga tushirishga 1 noyabrgacha muhlat berildi, aks holda tegishli choralar koʻrilishi haqida ogohlantirildi.

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda 80 ta tumanda bogʻcha ochish uchun imtiyozlar eʼlon qilindi.

Ushbu mexanizmdan unumli foydalanib, bogʻcha oʻrinlarini koʻpaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Qashqadaryoning barcha tumanlarida xususiy sektor va chet ellik hamkorlar bilan ikki yil ichida bogʻcha va maktab oʻrni 3 barobar oshgan. Viloyat hokimlariga bu tajribani oʻrganish topshirildi.

Umuman, har bir tumanda bogʻcha qamrovi 80 foizdan kam boʻlmasligi shartligi belgilandi. Buning uchun viloyat va tuman hokimlari oldiga boʻsh yerlarni topib, auksionga chiqarish, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda qaysi maktab va bogʻchada boʻsh joy boʻlsa, bogʻcha qurish rejasini belgilash vazifasi qoʻyildi.

Mutasaddilarga boʻsh yerlarda bogʻcha tashkil etish boʻyicha xususiy sheriklik yoki sarmoya kiritish sharti bilan uch yillik dastur qabul qilish, yangi xususiy bogʻchalarga subsidiya berish, tarbiyachilar maoshini qisman qoplash tartibini joriy qilish topshirildi.

Bir yilda 2 mingta koʻp qavatli uy qurilmoqda, ularning toʻrtdan biri – “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida.

Bunday massivlarda uylarning birinchi qavatida 100 oʻrinli xususiy bogʻcha ochish boʻyicha Bektemir va Yangihayot tumanlarida tajriba bor.

Buni barcha tuman va shahar hokimlari oʻz hududida qilishi kerakligi taʼkidlandi.

Endilikda ochiq muloqotda 80 ta tuman uchun aytilgan imtiyozlar yangi koʻp kvartirali uylarning birinchi qavatida bogʻcha ochadigan tadbirkorlarga ham berilishi belgilandi.

Mutasaddilarga yangi qurilayotgan koʻp qavatli uylarda bogʻcha tashkil qilish tartibini ishlab chiqish topshirildi.

“Qamrovni oshirish uchun barcha sharoit qilib beryapmiz, lekin bogʻchalarga yangi nafas, yangi metodika kirib borishi, tarbiyachilarning salohiyati ham shunga yarasha boʻlishi kerak”, – dedi Prezident.

Yoz mavsumida 118 ming tarbiyachining malakasi oshirildi, lekin bu yetarli emasligi qayd etildi.

Shu bois, yangi oʻquv yilidan pedagogika oliygohlarida oʻrta maxsus maʼlumotli tarbiyachilar uchun “1+5” (1 kun oʻqish, 5 kun ish) bakalavr taʼlim shakli joriy qilinadi. Bu orqali bogʻchalarga har yili qariyb 10 ming oliy maʼlumotli mutaxassis kirib keladi.

Xususiy bogʻcha bilan davlat bogʻchasi uchun taʼlim-tarbiya sifati boʻyicha yagona yondashuv yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu munosabat bilan kelgusi yilda har bir viloyatda bogʻcha tarbiyachilari pedagogik mahoratini oshirishga metodik koʻmaklashuvchi tayanch “Yangi avlod” bogʻchalari barpo qilinadi.

Mutasaddilarga “Yangi avlod” bogʻchasi loyihasini eski va bir xil yondashuvlardan chekinib, yangicha ishlab chiqish topshirildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid