platina.uz
Jamiyat

Andijonda ikki nafar hokim oʻrinbosari qoʻlga olindi

Ular tumanda faoliyat yurituvchi fermer xoʻjaligining 500 ming dollarlik eksport rejasini yopib berish evaziga pul soʻragan. Toshkentda esa salkam 1 mln dollarga yer sotmoqchi boʻlganlar ushlandi. 

Andijonda ikki nafar hokim oʻrinbosari qoʻlga olindi

Andijonning Boʻston tumanida biryoʻla ikki hokim oʻrinbosari qoʻlga tushdi. Bu haqda DXX xabarida maʼlum qilindi.

Aytilishicha, tuman hokimining investitsiya masalalari boʻyicha oʻrinbosari va qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari korrupsiyada ayblanib ushlangan.

Ikki oʻrinbosar oʻzaro til biriktirib, tumanda faoliyat yurituvchi fermer xoʻjaligining 500 ming dollarlik eksport rejasini fiktiv operatsiyalar orqali yopib berish uchun fuqarodan 65 mln soʻm pora talab qilgan.

Joriy yil avgust oyida Boʻston hokimining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari avans tariqasida 25 mln soʻm olgan. U qolgan 40 mln soʻmni hokimning investitsiya masalalari boʻyicha oʻrinbosari orqali olgan vaqtida ushlangan.

Ushbu ish yuzasidan JKning 210-moddasi boʻyicha ish ochilib, qamoqqa olingan.

Shuningdek, Toshkentda 900 ming dollarga yer sotmoqchi boʻlganlar ushlandi. Davlat xavfsizlik xizmatining koll-markaziga fuqarodan ariza kelib tushgan. Unda ikki shaxs Toshkent shahri Sergeli tumanidagi MChJga tegishli bir gektar yer maydonining toifasini oʻzgartirish va ushbu hududda koʻp qavatli uy qurish uchun ruxsat olishda hokimiyatda ishlaydigan yuqori lavozimli tanishlari orqali yordam berishni vaʼda qilib, 900 ming AQSh dollari talab qilgan.

Joriy yilning 5 sentabr kuni Toshkent shahri Mirobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida ular avans sifatida 220 ming AQSh dollari olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Firibgarlarga nisbatan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi "a" bandi va 211-moddasi 3-qismi "a" bandi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Bir necha kun avval Namangan shahar hokimi qamoqqa olingandi.

U eskirgan turar-joy binolari oʻrniga koʻp qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming dollar talab qilgani aytilmoqda.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid