Toshkentda FIFAning Markaziy Osiyo boʻyicha ofisi ochiladi
Shavkat Mirziyoyev Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino bilan bu haqda kelishib oldi.

Toshkent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 sentabr kuni Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantinoni qabul qilgan.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda FIFAning yirik musobaqalari va tadbirlarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilgani aytilgan..
Shuningdek, FIFA bilan futbolni tashkil etish va boshqarish tizimini takomillashtirish, yosh isteʼdodlarni yuzaga chiqarishga koʻmaklashish, murabbiylar, hakamlar, menejerlar, sport shifokorlari va texnik mutaxassislarni xalqaro darajada tayyorlash borasidagi sermahsul hamkorligini yanada kengaytirish masalalari ham muhokama qilingan.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev oʻzbek futbolini rivojlantirish va xalqaro maydonda ilgari surishga qoʻshgan shaxsiy hissasi uchun FIFA rahbari Janni Infantinoga “Doʻstlik” ordenini topshirgan.