Oʻquvchilarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi
Oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishda yagona tizim yoʻlga qoʻyiladi. Pedagogika sohasida oʻqiyotgan talabalar uchun yangi stipendiya taʼsis etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 sentabr kuni taʼlim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda shu boradagi rejalar va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari bayon qilindi.
Maʼlumki, maʼnaviy-tarbiyaviy ishlar taʼlimning bir qismi. Ammo hozirda taʼlim muassasalarida bunday tadbirlarga turlicha yondashilib kelinmoqda. Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularning iqtidori va isteʼdodini yuzaga chiqarishda yaxlit tizim yoʻq.
Shu bois bolalar bogʻchasidan oliy taʼlimgacha qamrab olgan yagona milliy gʻoya konsepsiyasi ishlab chiqildi. U maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning namunaviy rejasi boʻladi. Natijada bunday ishlar tartibli va saviyali tashkil etilib, oʻquvchilar ortiqcha tadbirlarga jalb etilmaydi.
Oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularning iqtidori va intilishini yuzaga chiqarish boʻyicha ham yagona vertikal tizim joriy etiladi. Shu maqsadda “Barkamol avlod” bolalar maktabi, Respublika oʻquvchi-yoshlar markazi hamda “Ëshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati negizida “Kelajak” markazlari tashkil etiladi. Oʻquvchilarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi.
Soʻnggi sakkiz yilda bogʻchalarda oʻrinlar soni 2,5 milliontaga koʻpaytirilib, maktabgacha taʼlim qamrovi 78 foizga yetdi. Bu qamrovni oshirish maqsadida har yili 20 ming oʻrin ochish rejalashtirilgan.
Buning uchun yangi koʻp qavatli uylar qurilishida ulardagi aholi soniga mutanosib maktabgacha taʼlim tashkiloti ham boʻlishi nazarda tutiladi. Bogʻchalarda ishlayotgan oʻrta maxsus maʼlumotli mutaxassislar uchun dual taʼlim va malaka oshirish tizimi joriy etiladi.
Maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizdan past boʻlgan tuman va shaharlarda xususiy sektor ishtiroki qoʻllab-quvvatlanadi. Xususan, bogʻcha va maktablarning boʻsh maydonlarida davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha taʼlim tashkiloti qurishga ruxsat etiladi. Tadbirkorlarga faoliyatni oʻzgartirmaslik sharti bilan yer uchastkalari bepul beriladi hamda 7 yilgacha boʻlgan imtiyozli kredit ajratiladi.
2026-2028 yillarda respublikaning 14 ta hududida Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazini oʻz ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻi tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiyot tarmoqlarining hozirgi va kelgusi talabidan kelib chiqib, texnika va muhandislik yoʻnalishlarini rivojlantirish vazifasini qoʻygan edi. Shunga muvofiq, Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida 14 ta hududda muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Ushbu maktablarga bolalar imtihon asosida saralab olinadi va Davlat byudjeti hisobidan oʻqitiladi. Ularda “Yangi Oʻzbekiston” universiteti va Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik taʼlim dasturi joriy qilinadi. Oʻquv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli boʻyicha tashkil etiladi.
2026 yildan boshlab, har yili umumtaʼlim maktablari oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovi oʻtkaziladi.
Shuningdek, tabiiy fanlarni oʻqitishni yaxshilash maqsadida barcha hududlarda ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil qilinadi. Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi maktab bu yoʻnalishda tayanch maktab sifatida xizmat qiladi.
Toshkent shahrida N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali, “ToshTech” texnika universiteti hamda Olmaliq davlat texnika instituti ochiladi.
Yana bir yangilik oʻqituvchilikka mehr qoʻygan yoshlarni ragʻbatlantirishga qaratilgan. Hozirgi kungacha bu sohada alohida davlat stipendiyasi yoʻq edi.
Shu bois, joriy oʻquv yilidan boshlab, pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarining talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi taʼsis etilmoqda. Stipendiya bakalavriatning 3-4-kurslari uchun boʻladi, yoshlarni oʻqish va ilmiy izlanishlarga undaydi.
Yigʻilishda fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar taqdimot qilindi.
Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimida ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tartiblari takomillashtiriladi. Jumladan, doktoranturaga ajratilayotgan kvotalar mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Fanlar akademiyasining respublikada istiqbolli ilmiy yoʻnalishlarni rivojlantirish, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy ishlanma natijalarini amaliyotga tatbiq etishdagi oʻrni kuchaytiriladi.
Davlat rahbari bildirilgan takliflarni maʼqullab, tegishli hujjatlarni imzoladi. Ulardagi vazifalar ijrosini tizimli va sifatli taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.