Maktabgacha taʼlim qamrovi past hududlarda tadbirkorlarga "nol" qiymatda yer beriladi
Ularga oʻz faoliyatini oʻzgartirmaslik sharti qoʻyiladi. Tadbirkorlarga 7 yilgacha boʻlgan imtiyozli kredit mablagʻlari ham ajratiladi.

Maktabgacha taʼlim sohasi boʻyicha ayrim tadbirkorlarga 7 yilgacha imtiyozli kreditlar va “nol” qiymatida yer uchastkalari beriladi.
Maktabgacha taʼlim qamrovi 80 foizdan past boʻlgan tuman (shahar)lardagi (Toshkent shahri bundan mustasno) tadbirkorlik subʼektlariga qator yengilliklar beriladi.
Xususan, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining boʻsh yer maydonlarida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil qilishga ruxsat beriladi.
Tadbirkorlarga 7 yilgacha boʻlgan imtiyozli kredit mablagʻlari ajratiladi hamda faoliyatini oʻzgartirmaslik sharti bilan yer uchastkalari tekinga beriladi.
Xususiy sektorni qoʻllab quvvatlagan holda ularga imtiyozli kreditlar ajratiladi. Xususan, «nol» qiymatida yer berish koʻzda tutilmoqda.
38 ta «qizil» hududga 1 foiz ijtimoiy va daromad soligʻi, 41 ta «sariq» hududga 5 foiz ijtimoiy va daromad soligʻi belgilanadi.
Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti litsenziya olinganidan keyin uch yil davomida qamrov darajasi 70-80 foiz oraligʻida boʻlgan tuman (shahar)lardagi tadbirkorlik subʼektlariga ijtimoiy soliq stavkasi 5 foiz, 70 foizdan past boʻlgan tuman (shahar)lardagi tadbirkorlik subʼektlariga 1 foiz etib belgilanadi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq prezident taʼlim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimot bilan tanishgandi. Oʻquvchilarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maktab maslahatchisi lavozimi joriy qilinadi.
Oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishda yagona tizim yoʻlga qoʻyiladi. Pedagogika sohasida oʻqiyotgan talabalar uchun esa yangi stipendiya taʼsis etilmoqda.