Elchi: "Oʻzbekiston va Xitoy munosabatlari eng yaxshi bosqichda turibdi"
2022 yildan boshlab oʻzaro hamkorlik keng qamrovli strategik sheriklikka koʻtarilgandi. Xitoy elchisi Oʻzbekiston gilosiga talab juda katta ekanini taʼkidladi.

Xitoyning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun mamlakatlar oʻrtasidagi diplomatik aloqalar eng yaxshi bosqichda ekanini aytdi.
Unga koʻra, mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik munosabatlari yangi darajaga chiqmoqda.
Oʻzbekiston va Xitoy munosabatlari yangi darajaga koʻtarilmoqda. 2022 yildan boshlab hamkorlik keng qamrovli strategik sheriklik maqomini oldi.
Oʻzbekiston mintaqada birinchi boʻlib Xitoy bilan bunday yuqori darajadagi munosabatlarga erishdi. Bu oʻzaro ishonch va uzoq muddatli hamkorlikka tayyorlikdan dalolat beradi.
Soʻnggi yillarda Xitoydan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 24,6 milliard dollardan oshdi. Oʻzbekiston Prezidentining 2024 yil yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi yakunlari boʻyicha umumiy qiymati 53,3 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan.
Xitoyning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun diplomatik aloqalarimizning bugungi holati haqida shunday deydi:
"Mazkur tashrifni tarixiy deb atash mumkin. Uning natijasida ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga koʻtarishga hamda xalqaro hamkorligimizni dinamik yoʻnalishida yanada samaraliroq bosqichlarga olib chiqishga imkon yaratadi.
Bugungi kunda hamkorligimiz deyarli barcha sohalarni qamrab olgan va yetakchilarimiz ushbu hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun aniq rejani belgilab berdilar. Hozir Xitoy Oʻzbekistondan yuqori sifatli mahsulotlarni import qilmoqda. Masalan, sizlarning giloslaringiz hozir Xitoy bozorida katta talabga ega. Shuningdek, quruq mevalaringiz, masalan, mosh har yili katta hajmda Xitoyga eksport qilinmoqda. Albatta, sanoat mahsulotlarini ham olib kelmoqdamiz ".
Elchiga koʻra, ikki davlat yetakchilari har yili kamida 1-2 marta uchrashmoqda va rivojlanishning yangi yoʻnalishlarini belgilab bermoqda.