2025 yilgi ShHT sammiti natijalari: yangi dunyo tartibi shakllanyaptimi?
Sammitda Hindiston va Xitoy rahbarlarining uchrashuvi muhim voqea sifatida baholandi. Trampning tarif siyosati amalda ShHT davlatlarini bir-biriga yaqinlashtirdi.

Xitoyda Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) yillik sammiti boʻlib oʻtdi. Asosiy natijalar Tyanszin deklaratsiyasining qabul qilinishi va yangi institutlarning tashkil etilishi boʻldi. Bu - ekspertlarning fikriga koʻra, ShHTning “munozara klubi”dan Gʻarb dunyosi tartibiga haqiqiy muqobil tizim yaratishga oʻtganini koʻrsatadi.
Tyanszindagi ShHT sammitining asosiy hujjatlari
2025 yil 31 avgustdan 1sentabrgacha Xitoyning Tyanszin port shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) 25-yillik yubiley sammiti boʻlib oʻtdi. Tadbir tashkilotning 24 yillik tarixidagi eng yirik tadbir boʻldi: unda barcha oʻnta aʼzo davlat rahbarlari, shuningdek, kuzatuvchi davlatlarning davlat va hukumat rahbarlari hamda muloqot boʻyicha hamkorlar – jami yigirmadan ortiq yuqori martabali mehmonlar, jumladan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish hamda NATO davlatlarining ikki rahbari: Turkiya Prezident Rajab Tayyib Erdoʻgʻon va Slovakiya prezidenti Robert Fitso ishtirok etdi.
Sammitning markaziy figuralari Xitoy rahbari Si Szinpin, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin boʻldi. Kun tartibida blokning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini tasdiqlash, xalqaro keskinlikning kuchayishi va AQSh tomonidan savdo cheklovlari fonida iqtisodiy sheriklik va xavfsizlikni muvofiqlashtirishni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tyanjin deklaratsiyasi
Sammitning asosiy siyosiy natijasi - Tyanszin deklaratsiyasining qabul qilinishi boʻlib, unda aʼzo davlatlarning global kun tartibidagi asosiy masalalar boʻyicha umumiy pozitsiyasi qayd etilgan:
Deklaratsiya toʻgʻridan-toʻgʻri “bir tomonlama majburlov choralari, jumladan, iqtisodiy choralar”ni qoralaydi, bu esa AQSh sanksiyalari va tarif siyosatiga bevosita ishoradir.
Hujjatda, shuningdek, Isroil va AQShning Eronga zarbalari, shuningdek, Gʻazo sektorida gumanitar falokatga olib kelgan harakatlar qoralanadi. Mintaqada tinchlik faqatgina “Falastin masalasini adolatli hal etish” orqali mumkinligi taʼkidlangan.
Deklaratsiya xalqaro munosabatlarning barqaror rivojlanishining asosi sifatida ichki ishlarga aralashmaslik va kuch ishlatmaslik tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi. ShHT davlatlari “blok va qarama-qarshilik yondashuvlarini istisno etuvchi” yoʻnalishga amal qilishini maʼlum qildi.
Sammit ishtirokchilari koinot va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasini harbiylashtirishga qarshi chiqishdi, bu sohalarda xalqaro hamkorlikka chaqirishdi.
Deklaratsiyada, shuningdek, “Ikkinchi jahon urushining tarixiy xotirasini saqlab qolish” zarurligi taʼkidlanadi va natsizm gʻoyalarini qayta tiklash va fashizm magʻlubiyatida qatnashuvchi mamlakatlar xalqlarining rolini buzib koʻrsatishga urinishlar qoralanadi.
ShHTning 2035 yilgacha rivojlanish strategiyasi
Ikkinchi muhim hujjat - ShHTning 2035 yilgacha boʻlgan rivojlanish strategiyasi boʻldi. Hujjat sammit yakunlari boʻyicha eʼlon qilingan rasmiy maʼruzalardan kelib chiqqan holda siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik va gumanitar sohalardagi “hamkorlikni chuqurlashtirishning ustuvor vazifalari va asosiy yoʻnalishlari”ni belgilab beradi.
Xavfsizlikni institutsionallashtirish
Strategiyaning asosiy elementi – muvofiqlashtirish bosqichidan - doimiy faoliyat yurituvchi organlarni yaratishga oʻtish hisoblanadi. Strategiya ikkita yangi tuzilmani yaratishni nazarda tutadi:
— Xavfsizlik muammolari va tahdidlariga qarshi kurashish boʻyicha universal markaz: u Toshkent shahrida (Oʻzbekiston) tashkil etilib, terrorizmdan tortib kiberhujumlargacha boʻlgan zamonaviy tahdidlarning barcha spektriga kompleks javob berish bilan shugʻullanadi;
— ShHTning Narkotiklarga qarshi kurash markazi: narkotik moddalar ishlab chiqarish va noqonuniy savdosiga qarshi kurashish boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtiruvchi ushbu tuzilma Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida ochiladi.
Iqtisodiy integratsiya
Strategiya mustaqil moliyaviy infratuzilmani yaratish, jumladan, ShHT Taraqqiyot bankini tashkil etish, transport, energetika va raqamli iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirish yoʻnalishini belgilab beradi.
ShHT Taraqqiyot banki
Sammit markaziy iqtisodiy qarorlardan biri- ShHT Taraqqiyot bankini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror boʻldi. Pekin 2010 yildan beri ilgari surayotgan Tyanszin deklaratsiyasida tasvirlangan tashabbus mustaqil moliyaviy arxitekturani shakllantirish yoʻlidagi amaliy qadamdir.
Bankning asosiy maqsadi - ShHT makonida qoʻshma investitsiya va infratuzilma loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
• Xitoy raisi Si Szinpin ShHT banklararo konsorsiumiga 10 milliard yuan (1,4 milliard dollar) kredit va 2 milliard yuan (280 million dollar) tekin yordam ajratilishini maʼlum qildi, deb xabar beradi Bloomberg.
• Bankning tashkil etilishi ShHTning “oʻz toʻlov, hisob-kitob va depozitar infratuzilmasi”ni shakllantirish bilan bevosita bogʻliq.
• ShHT Taraqqiyot bankining tashkil etilishi BRIKSning Yangi Taraqqiyot Banki (YaTB) dan keyingi gʻarbdan tashqari davlatlar tomonidan mustaqil moliya institutini yaratish boʻyicha ikkinchi yirik loyihadir. Biroq, bu tuzilmalar oʻrtasida miqyosda, maqsadlarda va genezisida tub farqlar mavjud. 2015 yilda rasman oʻz faoliyatini boshlagan BRIKSning YaTB yirikroq institut boʻlib, ustav kapitali 100 milliard dollarni tashkil etadi va asosiy eʼtibor aʼzo mamlakatlardagi infratuzilma va barqaror loyihalarni moliyalashtirishga qaratilgan. YaTB muvaffaqiyatli ishga tushirilganiga qaramay, jahon moliya bozorlarida oʻz imkoniyatlarini cheklab qoʻygan asosiy aksiyadorlaridan biri boʻlgan Rossiyaga qarshi sanksiyalar tufayli operatsion qiyinchiliklarga duch keldi.
• ShHT Taraqqiyot banki Xitoyning oddiyroq boshlangʻich mablagʻlari (1,4 milliard dollar miqdoridagi kredit liniyasi va 280 million dollarlik yordam) hamda “oʻzining toʻlov, hisob-kitob va depozitariy infratuzilmasini” yaratishdek torroq, pragmatik maqsad bilan yaratilmoqda. Moliyaviy institut birinchi navbatda global loyihalarga emas, balki blok ichidagi savdo va investitsiyalarni tashqi sanksiyalar bosimidan himoya qilish va ularga xizmat koʻrsatishga qaratilgan boʻlishi mumkin.
Narendra Modi va Si Szinpin uchrashuvi
Sammit maydonchasida Hindiston va Xitoy rahbarlarining uchrashuvi muhim voqea boʻldi, chunki bu Modining Xitoyga yetti yil ichida birinchi tashrifi hisoblanadi. Reuters xabariga koʻra, muzokaralar muvaffaqiyat bilan yakunlangan: tomonlar 2020 yilda toʻxtatilgan bevosita reyslarni qayta tiklashga kelishib oldilar. Yetakchilar oʻz mamlakatlarini “raqib emas, hamkor” deb eʼlon qilishdi, bu esa Qoʻshma Shtatlarning savdo bosimi ostida munosabatlar iliqlashganidan darak beradi.
Xitoy va Armaniston oʻrtasida strategik hamkorlikni yoʻlga qoʻyish
Sammit doirasida Xitoy va Armaniston rasman strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatdi. Ushbu qaror Xitoyning Janubiy Kavkazning barcha uchta davlati bilan strategik sheriklik tarmogʻini shakllantirishni nihoyasiga yetkazdi.
Turkiya Rossiyaga Ukraina masalasida vositachilik xizmatlarini taklif qildi
Turkiya prezidenti Rajab Tayyib Erdoʻgʻon sammit platformasidan oʻzining diplomatik tashabbuslarini ilgari surish uchun foydalandi. Turkiyaning Sabah gazetasi xabar berishicha, Erdoʻgʻon Putinga Ukrainadagi mojaroni hal qilish uchun yana bir bor vositachilik xizmatlarini taklif qilish niyatida boʻlib, ShHT xalqaro diplomatiya uchun muhim platforma sifatidagi maqomini tasdiqlagan.
Putinning Si Szinpin bilan muzokaralari
Vladimir Putin taqvimidagi markaziy uchrashuv XXR raisi Si Szinpin bilan muzokaralar boʻldi. Davlat rahbarlari Rossiya va AQSh oʻrtasidagi soʻnggi muloqotlar natijalarini muhokama qildi.
Putin Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashuvi
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar tashqi bosim sharoitida ikki tomonlama aloqalar mustahkamligini tasdiqladi. Kreml eʼlon qilgan videoyozuvga koʻra, Vladimir Putin Hindiston yetakchisiga “aziz doʻst” sifatida murojaat qilgan.
Reuters xabariga koʻra, Hindiston bosh vaziri uchrashuv chogʻida Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi ziddiyat tezroq tugatilishiga umid bildirdi. Muzokaralar Vashingtonning Rossiya neftini sotib olishi uchun Hindistonga 50 foizlik boj tariflari joriy etishi fonida boʻlib oʻtdi va bu, tahlilchilarga koʻra, Moskva va Nyu-Dehli oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamladi.
Putin-Pashinyan muzokaralari
Sammit doirasida, 31 avgust kuni rasmiy qabuldan soʻng Putin Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan ham bevosita uchrashdi.
Rossiya prezidentining taʼkidlashicha, u bosh vazirni uzoq vaqtdan beri koʻrmagan va “koʻplab ikki tomonlama, mintaqaviy, xalqaro savollar yigʻilib qolgan”. Ulardan biri, xususan, 9 avgust kuni Oq uyda Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev oʻrtasida imzolangan harbiy harakatlarni toʻxtatish toʻgʻrisidagi deklaratsiya boʻlishi mumkin.
Sammit doirasidagi boshqa aloqalar
Kreml bunga katta umid bogʻlagan boʻlsa-da, Putin va Aliyev oʻrtasida alohida uchrashuv boʻlib oʻtmadi, biroq ikki davlat delegatsiyalari “sammit chogʻida faol muloqot qildi”. Videolarda koʻrinishicha, Putin va Aliyev bir marta sovuqqina koʻrishgan xolos.
ShHT sammiti: piar kampaniya yoki yangi dunyo tartibi uchun taklif
Tyanszindagi sammitda ShHTning sifat jihatidan oʻzgarishi – siyosiy maslahatlashuvlar formatidan muayyan institutsional mexanizmlarni shakllantiruvchi blokka oʻtish qayd etildi.
Hech shubhasiz, bir yil ichida sodir boʻlgan bu oʻzgarishlarning asosiy katalizatori – AQSh prezidenti Donald Tramp maʼmuriyatining tashqi siyosati boʻldi.
Vashingtonning siyosati Yevroosiyodagi uchta eng yirik oʻyinchiga bosimning birlashgan jabhasini yaratdi. Xitoyga nisbatan davom etayotgan yuqori tariflar siyosati va Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosimidan tashqari, Hindistonga iqtisodiy zarba ham hal qiluvchi omil boʻldi. 2025 yil 27 avgustida Tramp maʼmuriyati Rossiya neftini sotib olganlik uchun jazo sifatida hind tovarlariga 50 foizlik bojlar joriy qildi. Bu harakat Nyu-Dehlida "iqtisodiy urush eʼlon qilinishi" sifatida qabul qilindi va Qoʻshma Shtatlar bilan yaqinlashish strategiyasini qayta koʻrib chiqishga majbur qildi.
Tashqi bosim sammitlar natijalariga bevosita taʼsir qildi
Taʼkidlash lozim, 2024 yilgi Ostona deklaratsiyasida faqat jahon tartibidagi “tektonik siljishlar” haqida soʻz borgan edi. Bir yil oʻtgach, 2025 yilgi Tyanjin deklaratsiyasi oʻziga xoslikning boshqa darajasini koʻrsatdi. Hujjatda bevosita “bir tomonlama majburlov choralari” qoralanadi. Mutaxassislarning fikricha, bu bevosita AQSh siyosatiga ishora boʻlgan.
Deklaratsiyalardan institutlar yaratishga oʻtish eng katta siljish boʻldi. Agar 2024 yilda bu “yoʻl xaritasi” boʻlgan boʻlsa, 2025 yilda ShHT Taraqqiyot bankini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Xavfsizlik sohasida ham xuddi shunday siljish sodir boʻldi: oʻtgan yili muhokama qilingan "mexanizmlarni takomillashtirish" - 2025 yilda ikkita aniq organ - Toshkentdagi Universal markaz va Dushanbedagi Narkotiklarga qarshi kurash markazini yaratish qaroriga aylandi.
Vashingtonning yangi siyosati Rossiya-Hindiston-Xitoy strategik uchburchagida kuchlarning qayta toʻplanishiga sabab boʻldi. Ilgari Xitoyni oʻz ichiga oluvchi Quad formatida faol ishtirok etgan Hindiston pragmatik burilish yasashga majbur boʻldi. Bosh vazir Modining Xitoyga 7 yil ichidagi ilk tashrifi, doimiy qarama-qarshiliklarga, jumladan, 2020 yilgi chegara mojarosi va Hindistonning Xitoy bilan savdo defitsiti 99,2 milliard dollarga yetganiga qaramay, buning bevosita natijasi boʻldi. Shu bilan birga, 2024 yilda tovar aylanmasi 245 milliard dollarni tashkil etgan Rossiya va Xitoy oʻrtasidagi strategik sheriklik muvofiqlashtirishning yangi bosqichiga koʻtarildi. ShHT, BRIKS kabi yangi xalqaro bloklarni yaratishga qaratilgan boshqa urinishlar va G20 - “katta yigirmalik” doirasida oʻsib borayotgan hamkorlik kabi tub oʻzgarishlarni boshdan kechirmoqda.
Avvallari ShHTni shunchaki "munozara klubi" sifatida tanqid qilish mumkin boʻlsa-da, 2025 yilgi Tyanszin sammiti uning Gʻarb institutlariga haqiqiy muqobillarni yaratishga intiladigan tuzilmaga aylana olishini koʻrsatdi. Tashqi bosim umumiy deklaratsiyalarni aniq loyihalarga, umumiy tahdidlarni esa pragmatik yaqinlashish uchun asosga aylantirdi.
Umuman olganda, Eslatib oʻtamiz, Donald Tramp Oq uyga qaytganidan beri har bir davlat bilan alohida qulay iqtisodiy yoki siyosiy bitim tuzish uchun Xitoy, Rossiya va Hindiston oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar ustida oʻynashga harakat qilgan. Biroq Trampning “tarif urushlari” va Ukrainaga ultimatum qoʻyishi u kutgan natija bermadi. Xitoyda boʻlib oʻtgan ShHT sammiti Trampning Osiyo yetakchilarini “urishtirib qoʻyish”ga urinishi teskari natija bergani va AQSh yetakchisi uchun diplomatik muvaffaqiyatsizlikka aylanganini koʻrsatdi. Tramp Xitoy va Hindistonni Rossiyadan uzoqlashtirmoqchi edi, biroq amalda ularni bir-birining “quchogʻiga” otdi.
Abulfayz Sayidasqarov