IIV: Angrendagi mudhish YTHda 7 kishi qurbon boʻldi
Besh kishi esa turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Hodisa yuzasidan bosh vazir oʻrinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi.

Angrendagi mudhish avariyada 7 kishi qurbon boʻldi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 7 sentabr kuni soat taxminan 12.20larda Toshkent viloyati Angren shahri hududidan oʻtgan A-373 “Toshkent-Oʻsh” xalqaro avtomobil yoʻlning 93 km.da 1981 y.t., fuqaro A.R. boshqaruvidagi sement tashuvchi “Shacman” rusumli yuk avtotransporti (Transport vositasi 2020 yilda ishlab chiqarilgan, haydovchi 15 yillik stajga ega) boshqaruvni yoʻqotgan. U harakat yoʻnalishidagi temir yoʻl kesishmasida toʻxtab turgan ikkita yuk avtomashinasi hamda beshta yengil avtotransport vositalari bilan toʻqnashib yoʻl transport hodisasini sodir etgan.
Toʻqnashuv vaqtida kelib chiqqan yongʻin, voqea joyiga yetib kelgan maxsus kuch va vositalar yordamida tezkorlik bilan oʻchirilgan.
Hodisa oqibatida 7 nafar fuqarolar voqea joyida vafot etgan, 5 nafar turli tan jarohatlari olgan fuqarolar tibbiyot muassasalariga yotqizilgan. Shuningdek 4 nafar fuqarolarga tibbiy yordam koʻrsatilib, uylariga javob berilgan.
Hozirda vaziyatni toʻliq oʻrganish, jabrlanganlar va ularning oila aʼzolariga yordam koʻrsatish hamda ogʻir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida tegishli davlat organlarining mutaxassislaridan iborat Bosh vazir oʻrinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzilgan. Komissiya tomonidan voqea tafsilotlari oʻrganilmoqda.
Avvalroq Angrenda dahshatli avariya sodir boʻlgani, rasmiylar qurbonlar haqida rasmiy maʼlumot berishni istamayotgani maʼlum qilingandi.