Oʻzbekiston Afgʻonistonga insonparvarlik yordami joʻnatdi
Yordam oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy buyumlarni oʻz ichiga oladi. Afgʻoniston sharqidagi zilzilada kamida 2,2 ming kishi halok boʻlgani aytilgandi.

Oʻzbekiston Afgʻonistonga insonparvarlik yordami yubordi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi xabar berdi.
Yordam minglab insonlar halok boʻlgan dahshatli zilziladan jabr koʻrgan aholi uchun yuborilgan.
Jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy buyumlar ortilgan 300 tonnaga yaqin yuk Oʻzbekiston xalqi nomidan Balx viloyatiga yetkazildi.
Yuk tarkibida un, guruch, shakar, tushyonka, makaron, qandolat mahsulotlari, yogʻ, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh, qadoqlangan ichimlik suvi, 5 mingta yopinchiq hamda 10 tonnaga dori vositalari bor.
Dahshatli zilzila
Afgʻonistonda soʻnggi yillardagi eng kuchli zilzilalardan birida 2200 kishi halok boʻlgan. Hodisa 31 avgust kuni Afgʻoniston sharqida kuzatildi, 6,0 magnitudani tashkil etdi.
Halok boʻlganlarning katta qismi togʻli Kunar viloyatidan boʻlgan. U yerda "Tolibon" hukumati 2205 kishi halok boʻlgani va kamida 3640 kishi yaralanganini aytmoqda.
Qoʻshni Nangarhor va Lagʻmon viloyatlarida yana 12 kishi halok boʻldi, yuzlab odamlar yaralandi.
Qidiruv-qutqaruv operatsiyalari chogʻida vayron boʻlgan uylardan yuzlab jasadlar topildi, deydi hukumat vakillari. Ular qutqaruvchilar va koʻngillilar vayronalarni tozalashda davom etayotganini qoʻshimcha qilishgan.