Fuqarolardan 30 turdagi hujjatlarni talab etish bekor qilinadi
Notarial xizmatlar koʻrsatishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning aslini talab qilish zarur boʻlmaydi. “FACE-ID” tizimi orqali yangi tartib yoʻlga qoʻyiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 sentabr kuni adliya tizimida davlat xizmatlarini kengaytirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.
Soʻnggi sakkiz yilda adliya faoliyatini yangicha tashkil qilish uchun 70 ga yaqin qonun va qarorlar qabul qilindi. Tizimni aholiga yaqinlashtirish uchun 20 dan ortiq qoʻshimcha vakolatlar berildi. Hududlarda 202 ta Davlat xizmatlari markazi qurildi. Bugungi kunda 500 dan ortiq davlat xizmatlari “bir darcha” tamoyili asosida koʻrsatilmoqda. Ilgari soatlab, kunlab kutilgan maʼlumotlar hozir 5-10 daqiqada olinyapti.
Lekin bu borada hali qilinadigan ishlar koʻp. Davlat idoralari oʻrtasida elektron hamkorlik yetarli emasligi byurokratik toʻsiqlarga sabab boʻlmoqda. 200 dan ortiq davlat xizmati hamon eskicha usulda koʻrsatilyapti. Chekka hududlarda aholining xizmatlardan mustaqil foydalanish imkoniyati cheklangan.
Shu bois, taqdimotda davlat xizmatlarini yanada koʻpaytirish va osonlashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Rejaga koʻra, kelgusi uch yilda davlat xizmatlari 900 taga yetkaziladi. Yiliga 80 ta xizmat “3 qadam” tamoyili asosida soddalashtiriladi. Aholi gavjum joylar va olis mahallalarda 1 ming 100 ta interaktiv kiosk oʻrnatiladi.
Fuqarolardan 30 turdagi hujjatlarni talab etish bekor qilinadi. Xususan, FHDYo organida nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy koʻrik natijalari, mudofaa boʻlimlarida harbiy xizmatga majburlarning turar joyi oʻzgarganligi haqidagi hujjat soʻralmaydi, bu maʼlumotlar axborot tizimlari orqali onlayn olinadi.
Bugungi kunda notariuslar odamlarga 80 dan ortiq turdagi xizmat koʻrsatyapti. Lekin onlayn xizmatlar ulushi juda kam – 11 foiz.
Davlatimiz rahbari raqamlashtirish orqali fuqarolarga qulayliklarni oshirish zarurligini taʼkidladi. 2025-2027 yillarda bosqichma-bosqich 20 ta notarial harakat onlayn rasmiylashtirishga oʻtkazilishi belgilandi.
Shuningdek, notarial xizmatlar koʻrsatishda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning aslini talab qilish bekor qilinib, buni “FACE-ID” orqali aniqlash tartibi yoʻlga qoʻyiladi.
Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida 64 turdagi ekspertiza xizmatlari oʻtkazilyapti. Lekin hududlarda buning yarmi ham yoʻq.
Shuning uchun ekspertiza boʻyicha yangicha yondashuv qilish, hududiy ekspertiza markazlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, bu orqali ulardagi ekspertiza turlarini qoʻshimcha ravishda 15 tadan 25 tagacha koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi.
Ekspertizaning yangi turlarini joriy etishda raqamli texnologiyalardan, inson omili yoʻq dasturlardan keng foydalaniladi. Surishtiruv, tergov organlari va ekspertiza muassasalari oʻrtasidagi hujjatlar almashinuvi toʻliq elektron shaklga oʻtkaziladi. Avtohalokat joyini 3D modellashtirish, videotexnika va fototexnika ekspertizasi kabi yangi xizmatlar tatbiq etiladi.
Nodavlat sud ekspertiza faoliyatini kengaytirish, sud eksperti sifatida alohida byuro ochgan holda mustaqil ish yuritishga ruxsat berish, Oʻzbekiston Sud ekspertlari palatasini tashkil etish boʻyicha takliflar maʼqullandi.
Odamlarning huquqiy savodxonligini oshirish ham muhim. Shu maqsadda “Aqlli targʻibot” asosida aholi va tadbirkorlarga yangi hujjatlar haqidagi maʼlumotlarni manzilli tarzda, elektron tizimlar orqali yetkazib berish yoʻlga qoʻyiladi. Qonunchilikni mutaxassislar ishtirokida sodda tilda sharhlab boruvchi “Adliya TV” internet sahifasi ishga tushiriladi.
Islohotlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarishda mutasaddilarning tashabbuskorligi, javobgarligi, masʼuliyati va vakolatlarini yanada oshirish zarurligi taʼkidlandi. Shu bois, oʻz sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vazirlik va idoralar huzuridagi organlarga ham idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish vakolati beriladi.
Bunday hujjatlarni qabul qilish, davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi va muddatlari soddalashtiriladi. Natijada idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning oʻrtacha muddati 2 barobarga qisqaradi.
Taqdimot yakunida mazkur takliflarni amalga oshirish boʻyicha farmon va qarorlar imzolandi.