"Dejavyu": oʻzbek kinosida kam uchraydigan uslubda ishlangan film premerasi oʻtkazildi
Ushbu film fantastik janrda ishlangan boʻlib, bosh qahramon vaqt mashinasi orqali oʻtmishga sayohat qiladi. Kartina oʻzbek kinematografiyasidagi yangilanish, janr jihatidan tajriba sifatida baholanmoqda.

Toshkentdagi Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida “Dejavyu” nomli yangi oʻzbek badiiy filmi premerasi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda sanʼat vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va kino ishqibozlari ishtirok etdi. Fantastik drama janrida suratga olingan film rejissyor Hojimurod Toʻxtamurodov gʻoyasi va ssenariysi asosida yaratilgan.

Asarda bosh qahramon Sarvarning hayoti orqali inson taqdiri, vaqt va tanlovlar mohiyati chuqur yoritib berilgan. Sarvar toʻyiga uch kun qolganda gʻoyib boʻlib qoladi va oradan oʻn yil oʻtib kutilmaganda yana paydo boʻladi. U oʻzida vaqt orqali sayohat qilish qobiliyatini aniqlab, oʻtmishda qilgan xatolarini toʻgʻrilashga harakat qiladi. Biroq bu yoʻlda uni koʻplab sinovlar, chalkash holatlar va muhim qarorlar kutib turadi.

Filmda oʻzbek kino olamida tanilgan va yangi sahnaga kirib kelayotgan aktyorlar ishtirok etib, rollarini hayotiy va taʼsirli tarzda ijro etishgan.
“Dejavyu” filmi oʻzbek kinosida kam uchraydigan uslubda suratga olingan boʻlib, zamonaviy gʻoya, kuchli dramatik sahnalar va texnik jihatdan sifatli ishlangan sahnalari bilan tomoshabinlar eʼtiborini tortdi. Ayniqsa, 18 yoshdan 50 yoshgacha boʻlgan yoshlar orasida katta qiziqish uygʻotdi.

Premeradan soʻng film tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Koʻplar filmni oʻzbek kinematografiyasidagi yangilanish, janr jihatidan tajriba sifatida yuqori baholashgan.