Shavkat Mirziyoyev Tramp bilan telefon muloqoti oʻtkazdi
Oʻzbekiston rahbari AQSh prezidentini oʻzi uchun qulay muddatda mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.

5 sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston – AQSh strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari batafsil koʻrib chiqildi.
Gap nima haqida?
Suhbat avvalida AQSh Prezidenti soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va aholi farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni yuksak baholadi va qoʻllab-quvvatladi.
Davlatimiz rahbari, oʻz navbatida, Prezident Donald Trampni AQSh maʼmuriyati olib borayotgan ichki va tashqi siyosatning ulkan natijalari bilan samimiy tabrikladi. Amerika tomonining xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yoʻl bilan hal qilish, global xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashga qoʻshayotgan hissasi va saʼy-harakatlari alohida qayd etildi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ustuvor tarmoqlarda biznes kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va savdo bitimlari hajmini tubdan oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda oʻzaro savdo koʻrsatkichlarining barqaror oʻsishi kuzatilmoqda. 2024 yilda tovar ayirboshlash 15 foizga oshdi.
Istiqbolli kooperatsiya loyihalari portfeli fuqaro aviatsiyasi, muhim mineral resurslar, elektrotexnika sanoati, energetika, qishloq xoʻjaligi, raqamli texnologiyalar, moliya, innovatsiyalar, taʼlim va koʻplab boshqa yoʻnalishlarni qamrab olgan.
Shu oyda AQShning yetakchi kompaniya va tashkilotlari bilan uzoq muddatli va barqaror sheriklik aloqalarini yoʻlga qoʻyish maqsadida qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar oʻtkazilishi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, xavfsizlik sohasida, eng avvalo, terrorizm, ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish borasida samarali hamkorlik qilinmoqda.
Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda. Toshkentda AQShning yetakchi oliy taʼlim muassasalari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Kelgusi yili AQShda boʻlib oʻtadigan futbol boʻyicha jahon chempionatida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ilk bor ishtirok etishi mamnuniyat bilan qayd etildi. AQSh yetakchisi futbol terma jamoamizga chin dildan omad tiladi.
Telefon muloqoti chogʻida davlat rahbarlari dolzarb xalqaro masalalar, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari va AQShning “C5+1” shaklidagi mintaqaviy hamkorligini chuqurlashtirish yuzasidan ham fikr almashdilar.
Davlatimiz rahbari Prezident Donald Trampni oʻzi uchun qulay muddatda Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Amaliy hamkorlik boʻyicha loyiha va dasturlarni ilgari surish maqsadida oliy darajadagi muloqotlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSh Prezidenti Donald Trampning telefon orqali muloqoti ochiq, konstruktiv va doʻstona ruhda oʻtdi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.