platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston chegarasini buzib kirgan ikki kishi otib oʻldirildi

Ular chegarachilarning qonuniy talabiga boʻysunmagan. Shu sababli ushbu shaxslarga qurol ishlatilgan. 

Oʻzbekiston chegarasini buzib kirgan ikki kishi otib oʻldirildi

Oʻzbekiston chegarasini buzib kirgan ikki shaxs otib oʻldirildi. Bu haqda DXX chegara qoʻshinlari maʼlumotida aytiladi.

Joriy yilning 15 avgust kuni Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumani Ugam-Chotqol qoʻriqxonasi yaqinidagi chegara mintaqasida 2 nafar nomaʼlum shaxslarning harakatlanayotgani kuzatilgan.

Chegara naryadi, oʻz vakolati doirasida ularga toʻxtashni buyurgan, lekin tartibbuzarlar qochishga uringan.

Shu bois, Oʻzbekiston qonunchiligiga muvofiq, ularni toʻxtatish uchun osmonga qarata bir necha bor ogohlantiruvchi oʻq uzilgan.

Ammo, nomaʼlum shaxslar chegara naryadining qonuniy talablariga boʻysunmay, Davlat chegarasi tomon harakatni davom ettirishgan. Shundan keyin, soʻnggi chora sifatida ularga nisbatan qurol qoʻllanilgan.

Natijada, ular yaralanib, harbiy xizmatchilar tomonidan birinchi tibbiy yordam koʻrsatilishiga qaramay, voqea joyida vafot etgan.

Hodisa joyi koʻzdan kechirilganida, 1 dona chodir, 3 ta ot, oziq-ovqat mahsulotlari hamda yashirinishga ulgurgan uchinchi shaxsning izlari ham topilgan.

Holat yuzasidan shu kunning oʻzida Qirgʻiziston va Qozogʻiston chegara idoralari xabardor qilingan.

31 avgust kuni vafot etganlar Qirgʻiziston fuqarolari ekanligi aniqlanib, ularning jasadi qarindoshlariga topshirildi.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston chegara idoralari rahbarlarining oʻzaro kelishuviga asosan, 2-3 sentabr kunlari hodisa joyi hamkorlikda koʻzdan kechirildi.

Oʻrganishlar natijasida chegara naryadining xatti-harakatlari Oʻzbekiston qonunchiligiga asosan amalga oshirilganligi, yuqorida koʻrsatilgan Qirgʻiziston fuqarolari tomonidan Davlat chegarasi buzilganligi, shuningdek, uchinchi shaxsning Qirgʻiziston tomonga qaytib, yashirinishga ulgurgani komissiya tomonidan oʻz tasdigʻini topdi. Uning shaxsini aniqlash va tegishli chora koʻrish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida, har ikki tomon chegaraoldi hududlarda istiqomat qiluvchi aholi bilan tushuntirish ishlarini olib borish hamda murakkab togʻli xududlarni qoʻriqlashda oʻzaro hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi, deyiladi xabarda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid