platina.uz
Jamiyat

Tadbirkor qurilishdagi korrupsiyani jiddiy tanqid qildi

Usmonjon Abdusamatov qurilish sohasida asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar koʻp uchrashini aytdi. Kadastr agentligi va Qurilish vazirligi bunga javob qaytardi.    

Tadbirkor qurilishdagi korrupsiyani jiddiy tanqid qildi

Tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor fuqaro Usmonjon Abdusamatov qurilish sohasida asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar haqida fikr bildirgan.

Uning aytishicha, Toshkentda quruvchi barcha instansiyadan oʻtib, ruxsatnoma olish uchun quruvchi har bir uy uchun 200 ming dollargacha toʻlashi mumkin. Tadbirkorning soʻzlari muhokamaga sabab boʻldi.

Ushbu chiqish boʻyicha Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi quyidagilarni maʼlum qilgan:

Aytilishicha, qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va toʻlovlar belgilangan tartibda elektron tarzda amalga oshiriladi. Qoʻshimcha mablagʻ talab qilinishi mumkin emas.

Bunda jismoniy va yuridik shaxslar har qanday shaharsozlik hujjatlarini faqatgina my.gov.uz elektron portali hamda Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborishlari mumkin. Ushbu jarayonlarda jismoniy yoki yuridik shaxs hamda vakolatli organ vakili oʻrtasida oʻzaro muloqotga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ikkinchidan, soʻnggi yillarda sohadagi byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish, inson omilini minimallashtirish va korrupsiyaviy holatlarni oldini olish maqsadida qator islohotlar amalga oshirildi va bu jarayon izchil davom etirilmoqda.

Xususan, obʼekt qurilishiga oid ruxsatnoma olishdan tortib, foydalanishga qabul qilishgacha boʻlgan barcha jarayonlar vazirlikning “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali toʻliq nazorat qilib boriladi.

Ushbu jarayonlar Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglamentlar bilan aniq tartibga solingan.

Uchinchidan, hozirda qurilish sohasida davlat xizmatlarini raqamlashtirish bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Bu jarayon shaffoflikni taʼminlash, ortiqcha ovoragarchilikni bartaraf etish hamda tadbirkorlar va aholi uchun qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.

Toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 iyuldagi PQ-236 sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 25 martdagi 149-son qaroriga binoan Toshkent shahrida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va transport infratuzilmasini yaratish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida shaharda quriladigan (rekonstruksiya qilinadigan) obʼektlarning (bundan budjet tizimi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan obʼektlar, yakka tartibdagi uy-joylar hamda nodavlat maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari mustasno) jami qurilish hajmining har bir kub metri uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim joriy etilgan.

Ushbu yigʻim toʻliq hajmda Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.

Ushbu masala yuzasidan Kadastr agentligi ham bayonot berdi.

Agentlikka koʻra, videoda tadbirkor tilga olgan qurilish uchun ruxsatnoma berish ishlarida kadastr idoralari ishtirok etmaydi.

"Fuqaro baʼzi jarayonlarni chalkashtirmoqda. Tadbirkor yer sotib olgandan soʻng kadastr idoralari faqat yerga boʻlgan huquqini ikki ish kunida roʻyxatdan oʻtkazib beradi va bu ruxsatnoma berish jarayoni emas.

Kadastr idoralari barcha qurilish ishlari tugallanganidan soʻng koʻchmas mulkni oʻlchab, kadastr pasportini shakllantirib beradi va tegishli tashkilotlar tomonidan foydalanishga ruxsatnoma berilganidan soʻnggina koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazadi.

Kadastr agentligi korrupsiya holatlarini keskin qoralaydi va tizimda shaffoflikni taʼminlash uchun qatʼiy choralar koʻrib kelmoqda", deyiladi xabarda.

Tadbirkorlar va fuqarolardan turli ayblovlar bilan jamoatchilikni chalgʻitmasdan, agar korrupsiya holatiga duch kelsalar, darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlarini soʻraymiz, deya taʼkidlagan agentlik.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid