Namanganda fuqaro profilaktika inspektori tomonidan qiynoqqa solindi
Prokuratura qasddan ogʻir tan jarohati yetkazish aybi bilan jinoyat ish qoʻzgʻatdi. IIV esa maxsus guruh tuzib, viloyatga yuborgan.

Namangan shahrida profilaktika inspektori tomonidan fuqaro qiynoqqa solinganligi aks etgan xabarlar tarqaldi.
Mazkur xabar Namangan viloyati IIBning masʼul xodimlari tomonidan oʻrganilgan. Haqiqatdan ham joriy yilning 14 avgust kuni Namangan shahrida yashovchi 1991 yilda tugʻilgan, fuqaro Oʻ.A. oʻzaro oilaviy nizo sababli ichki ishlar boʻlimiga olib kelingan. U bilan profilaktik suhbat olib borilib, shu kuni uyiga ruxsat berilgan.
Oradan ikki kun oʻtib, 16 avgust fuqaro Oʻ.A. sogʻligi yomonlashganligi sababli tibbiyot muassasasiga murojaat qilganligi aniqlangan.
Hozirda fuqaro Oʻ.A. ga nisbatan yetkazilgan tan jarohatlari boʻyicha aybdorlarning harakatlariga qonuniy chora koʻrish maqsadida Namangan shahar prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga ogʻir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Shuningdek, hholat yuzasidan ichki iishlar vazirligi ham bayonot berdi.
"Mazkur holat Ichki ishlar vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan. Vaziyatni xolisona va toʻliq oʻrganish hamda xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida Vazirlik rahbariyati boshchiligida tegishli mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzilgan boʻlib, Namangan viloyatiga xizmat safariga yuborilgan", deyiladi xabarda.
Oʻrganish yakunlari yuzasidan aybdorlarning harakatlariga qatʼiy chora koʻrilishi aytilgan.
Avval Angrenda IIB tergovchisi qoʻlga olingandi.
U tergovga qadar tekshiruv ishi doirasida fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatmaslik va chora koʻrmaslik evaziga 10 ming dollar soʻragan.