Fargʻona vodiysidagi zapravkalarga gaz yetkazib berish vaqtincha toʻxtatiladi
Bunga “Ohangaron–Pungon” magistral gaz quvurining togʻli hududdan oʻtuvchi qismini tarmoqqa ulash jarayoni sabab qilib koʻrsatilgan.

Fargʻona vodiysidagi zapravkalarga gaz yetkazib berishi vaqtincha toʻxtatiladi.
Vodiyning togʻli hududidan oʻtuvchi qismida qoʻshimcha magistral gaz quvuri qurildi: 5-6 sentabr kunlari yangi quvurni tarmoqqa ulash ishlari olib boriladi.
Isteʼmolchilarini tabiiy gaz bilan taʼminlovchi “Ohangaron–Pungon” magistral gaz quvurining togʻli hududdan oʻtuvchi qismida qariyb 22 km qoʻshimcha quvur qurilishi yakuniga yetkazildi.
Ushbu yangi quvurni tarmoqqa ulash boʻyicha montaj ishlari olib borilishi munosabati bilan 2025 yil 5 sentabr kuni soat 12:00 dan boshlab 36 soat davomida “Ohangaron–Pungon” magistral gaz quvuri orqali tabiiy gaz uzatish vaqtincha toʻxtatiladi.
Mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda taʼmirlash ishlari vaqtida (5-6 sentabr kunlari) Fargʻona vodiysi viloyatlaridagi avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) hamda yirik isteʼmolchilarning gaz taʼminotiga vaqtincha cheklov kiritiladi.
Shuni hisobga olgan holda vodiy viloyatlari isteʼmolchilari uchun avtobenzin yoqilgʻisining sotuvga chiqarish hajmi oshiriladi.
Maʼlumot uchun: ushbu qurilish-montaj ishlari davomida aholi isteʼmolchilarini tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash boʻyicha barcha zaruriy choralar koʻriladi, deyiladi Energetika vazirligi xabarida.