DXXga ishga kiritmoqchi boʻlgan firibgarlar qoʻlga olindi
Muqaddam sudlangan shaxs oʻzini xavfsizlik xodimi deya tanishtirib, pora olayotganda qoʻlga tushgan.

DXXga ishga kiritishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi.
Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida yashovchi, 1988 y.t., muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmasdan, qayta jinoyatga qoʻl uradi.
U oʻzini DXX xodimi deya tanishtirib, 1997 y.t. mahalliy fuqaroni davlat xavfsizlik organlariga ishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan. U 2024 yilning sentabr oyidan 2025 yilning iyun oyiga qadar turli bahonalar bilan aldab jami 30 ming AQSh dollari va 510 mln. soʻm pul mablagʻlarini oladi.
Bundan tashqari, mazkur fuqaroning qarindoshini Qurolli Kuchlar akademiyasiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilib, hozirga qadar 4 ming AQSh dollari oladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda Qarshi shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan 10 ming AQSh dollari hisobidan yana 2 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumanida istiqomat qiluvchi, 1961 y.t. shaxs oʻzganing ishonchiga kirgan. Uni Davlat xavfsizlik xizmati idoralariga ishga kiritib qoʻyish evaziga 7 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Angrenda IIB tergovchisi qoʻlga olingandi.
U tergovga qadar tekshiruv ishi doirasida fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatmaslik va chora koʻrmaslik evaziga 10 ming dollar soʻragan.