Toshkentda Telegram orqali salkam 3 mlrd soʻm oʻgʻirlaganlar qoʻlga olindi
Ular Android telefon qurilmalari uchun ishlab chiqilgan ".apk" kengaytmali virusli dasturlar orqali shaxsiy maʼlumotlarni qoʻlga kiritgan.

Toshkentda bank kartalaridagi pullarni oʻgʻirlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan jinoiy guruh aniqlandi.
Ular Telegram messenjerida Android telefon qurilmalari uchun ishlab chiqilgan ".apk" kengaytmali virusli dasturlar orqali telefon qurilmalaridagi SMS xabarlarni oʻqish, kontakt, qoʻngʻiroqlar tarixi va boshqa maʼlumotlarni qoʻlga kiritgan.
IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi hamda Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan tadbir oʻtkazilgan.
Tadbirlar davomida virusli dasturlar Telegram messenjeridagi guruhga bogʻlanib, guruhning 11 nafar aʼzosi turli davlat fuqarolari ekanligi, guruhda virusli dastur oʻrnatib olgan fuqarolarning bank karta maʼlumotlari hamda SMS-tasdiqlash kodlari mavjudligi aniqlandi.
Olib borilgan tezkor-texnik tadbirlar natijasida, ushbu guruh aʼzolaridan boʻlgan 5 nafar shaxslar qoʻlga olindi.
Shu bilan birga, ushbu shaxslarning telefon qurilmalari tekshirilganda, 133 nafar bank kartalaridan 2 milliard 838 million 278 ming soʻmdan ortiq pul mablagʻlarini oʻgʻirlik yoʻli bilan oʻtkazma qilganliklari hamda jinoiy guruhning xar biri oʻgʻirlangan pul mablagʻlaridan ulush olib kelganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilar protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda mazkur jinoiy guruhning respublika hududidagi boshqa jinoiy aʼzolarini va jabrlanuvchilar doirasini aniqlash, boʻyicha tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.