Xovos tumani hokimiga hayfsan berildi
Bunga tumandagi maktabda oʻqituvchilar majburiy mehnatga jalb etilganligi boʻyicha maqola sabab boʻldi. Tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi mudiriga ham chora koʻrildi.

Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimiga haysan berildi, yana qator amaldorlarga jazo qoʻllanildi.
Tumandagi 9-umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻqituvchilar majburiy mehnatga jalb etilganligi haqidagi maqola viloyat rahbari huzurida atroflicha muhokama etildi.
Muhokamada hokimlik mutasaddilari, masʼul tashkilotlar va maktab vakillari ishtirok etdi. Jumladan, tuman hokimi U.Yoʻldoshev, tuman hokimining oʻrinbosari A.Rasulov, tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi mudiri v.b. R.Elchiyev, 9-maktab direktori D.Qodirberdiyev hamda ushbu maktabning matematika fani oʻqituvchisi F.Murtozoqulov oʻz fikr va izohlarini bildirdi.
Jarayonda maktab direktori taʼlim muassasasida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini tezkor tashkil etish maqsadida tashabbus koʻrsatganini, bu jarayon oʻqituvchilar roziligi asosida hashar shaklida amalga oshirilganini maʼlum qildi.
Shuningdek, u maktabga yaqinda rahbar sifatida tayinlanganini, muassasada sogʻlom muhit toʻliq shakllanmaganini, guruhbozlik holatlari kuzatilayotganini va dars taqsimoti boʻyicha murojaatchi tomonidan eʼtirozlar bildirilganini bayon etdi, deyladi xabarda.
Muhokama yakunida ish beruvchi tomonidan tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi mudiri v.b. R.Elchiyevga intizomiy jazo berilishi hamda 9-maktab direktori D.Qodirberdiyevning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi koʻrib chiqilishi belgilandi.
Shu bilan birga, tuman hokimi U.Yoʻldoshevga taʼlim muassasalarida yetarli nazorat oʻrnatmaganligi va zaruriy targʻibot-tashviqot ishlarini samarali olib bormaganligi uchun “hayfsan” intizomiy jazosi berildi.