Qozogʻiston prezidenti: Kaspiy dengizidagi vaziyat halokatga yaqin
Dengiz shiddat bilan qirgʻoqlardan chekinmoqda, unga quyiladigan suv hajmi kamaymoqda.

Kaspiy dengizidagi ekologik vaziyat jiddiy xavotirga sabab boʻlmoqda.
Bu haqda Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, Kaspiy tez sayozlashib bormoqda va vaziyat halokatga yaqin.
Toʻqayev tashkilotning uzoq muddatli muhokamalarida Kaspiyning ekologik muammolariga ustuvor ahamiyat berish uchun ShHT shafeligida Ostonada Suv tahlili markazini tashkil etishni taklif qildi.
Bundan tashqari, u Olmaotada BMT Bosh kotibi ishtirokida boʻlgan BMTning Markaziy Osiyo va Afgʻoniston uchun Barqaror rivojlanish markazi ochilishini maʼlum qildi.
Qozogʻiston prezidenti 2026 yil aprel oyida Ostonada BMT bilan hamkorlikda mintaqaviy ekologik sammit oʻtkazilishini maʼlum qildi.
Kaspiydagi vaziyat
Jamoatchilik va fuqarolik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash markazi maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 20 yil ichida Kaspiy dengizi yuzasi 34 ming kvadrat kilometrdan koʻproqqa qisqargan – bu Belgiya hududidan kattaroqdir. Suv sathining pasayishi Rossiyaning uchta mintaqasi: Astraxan viloyati, Qalmogʻiston va Dogʻistonda qirgʻoq chizigʻida sezilarli oʻzgarishlarga olib keldi.
Dunyodagi eng yirik koʻlning asosiy manbai boʻlgan Volga daryosidan suv quyilish hajmlari ham kamaygan.