Namangan shahar hokimi qamoqqa olindi
U eskirgan turar-joy binolari oʻrniga koʻp qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming dollar talab qilgani aytilmoqda.

Namangan shahrida hokimiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazildi.
Xususan, Namangan shahar hokimi va poyabzal ishlab chiqaruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari oʻzaro til biriktirgan. Ular qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan maʼnan eskirgan turar-joy binolari oʻrniga koʻp qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming AQSh dollari talab qilishadi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirda dastlab MChJ rahbari ushbu soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi oʻzining yana bir ishonchli odami boʻlgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MChJ rahbaridan 60 ming AQSh dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Hozirda Namangan shahar hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi Tergov boʻlimi tomonidan unga va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, MChJ rahbariga nisbatan esa Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Shahar hokimiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Ochiq manbalarga koʻra, shahar hokimi lavozimida 2023 yildan beri Anvar Otaxoʻjayev ishlab kelmoqda.
Taʼkidlash lozimki, tergov doirasida hokimning boshqa noqonuniy harakatlariga nisbatan ham huquqiy baho beriladi.
Poraxoʻrlik bilan bogʻliq holat Toshkent viloyatida ham qayd etilib, xususan, Zangiota tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi bosh mutaxassisi mahalliy fuqaroga tegishli uyning yonida joylashgan va davlat zaxirasida boʻlgan 8 sotix yer maydonini tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun tuman hokimligi tomonidan tuziladigan ishchi guruh orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSh dollari talab qiladi.
Lekin, ushbu pul mablagʻidan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
Hozirda bosh mutaxassisga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Pora va hokimlar
Namangan shahar rahbari yaqin orada qoʻlga olingan yagona hokim emas.
Iyul oyida Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi ham ushlangandi.