platina.uz
Siyosat

Prezident ShHTda yadro xavfsizligi boʻyicha deklaratsiya qabul qilishni taklif etdi

Oʻzbekiston rahbari tashkilot institutlari samaradorligini oshirish va uni global Janub davlatlari hisobiga kengaytirish lozimligini ham aytdi. 

Prezident ShHTda yadro xavfsizligi boʻyicha deklaratsiya qabul qilishni taklif etdi
Foto: Prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev ShHT yigʻilishida yangi tashabbuslar bilan chiqdi.

Tyanszin shahridagi ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashi majlisi boʻlib oʻtdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashkilotning siyosiy asoslarini mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik sohasida hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan:

— ShHT institutlari samaradorligini oshirish va uni Global Janub davlatlari hisobiga kengaytirish;

— Yadro xavfsizligi boʻyicha deklaratsiya qabul qilish, Ichki ishlar vazirlari kengashi faoliyatini qayta tiklash, 2030 yilgacha giyohvandlikka qarshi kurash dasturini tayyorlash, «ShHT–Afgʻoniston» muloqot guruhi faoliyatini faollashtirish;

— Savdoni soddalashtirish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi bitimni imzolash, Strategik materiallar boʻyicha mintaqaviy markaz, Energetika konsorsiumi, Venchur kompaniyalar va jamgʻarmalar tarmogʻi hamda Maxsus elektron investitsiya portalini tashkil etish;

— Shimol–Janub va Sharq–Gʻarb yoʻnalishlarida transport-tranzit yoʻlaklarini rivojlantirish, «ShHT yagona transport makoni»ni shakllantirish va uni «Bir makon, bir yoʻl» tashabbusi bilan uygʻunlashtirish;

— Iqlim oʻzgarishiga moslashish, dekarbonizatsiya va ekologik xavf-xatarlarni bashorat qilish uchun sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan ShHT mintaqaviy platformasini ishga tushirish;

— Xalq ijodiyoti xalqaro festivalini oʻtkazish, «ShHT universiteti» onlayn kampusini tashkil etish, talabalar va yosh mutaxassislar oʻrtasida tanlov hamda olimpiadalar oʻtkazish, shuningdek, «Sayyohlik yoʻlagi» va "Tibbiyot turizmi alyansi" loyihalarini amalga oshirish.

Sammitning muhim yakunlaridan biri sifatida ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi asosida Toshkent shahrida doimiy faoliyat yuritadigan organ — ShHTga aʼzo davlatlarning xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish boʻyicha Universal markazini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Uning huzurida ShHT Axborot xavfsizligi markazi ham tuziladi. Ushbu qaror xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.

Avvalroq prezident ShHTning norasmiy sammitida qatnashgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid