Mustaqillik – abadiy neʼmat emas
Turli millatlar oʻz ozodlik kunini turlicha nishonlab keladi. Ammo Britaniya, Germaniyada bunday bayram yoʻq. Rossiya esa azaldan bosqinchi va istilochi boʻlib kelgan.

Mustaqillik kuni – bu shunchaki taqvimdagi dam olish sanasi emas. Bu – millat oʻz erkin va mustaqil boʻlish huquqini eslaydigan kun. Bu – xalqning begonalar hukmronligidan qutulib, oʻz yurti va taqdirining haqiqiy egasi ekanini his qilgan dastlabki kunni yodga olish sanasidir.
Bunday bayramlar tarixdagi buyuk inqiloblar va mustamlaka imperiyalar parchalanishi bilan bogʻliq. Birinchi boʻlib bunday bayramni AQSh 1776 yil 4 iyuldan buyon keng miqyosda nishonlay boshladi. Shu vaqtdan boshlab oʻnlab davlatlar bu tajribani qabul qildi va erkinlikka erishilgan kunni davlatchilik ramziga aylantirdi.
Amerika xalqi uchun bu – Amerikadagi oʻn uch koloniya Buyuk Britaniya qirolligidan ajralib chiqib, Mustaqillik deklaratsiyasini imzolagan kun. Hindlar uchun – 1947 yilda mamlakat ikki yuz yillik Britaniya mustamlakasidan xalos boʻlgan vaqt. Oʻzbeklar uchun – 1991 yil 1 sentabr, yangi mustaqil davlat bayrogʻi ilk bor hilpiragan, istilochi Rossiya imperiyasining vorisi boʻlmish mustabid sovetlar hukmronligidan ozod boʻlingan tarixiy kun.
Tarix va rang-baranglik
Har bir davlatning erkinlik uchun oʻz kurash tarixi bor. Polsha yuz yil muddatga Yevropa xaritasidan oʻchib ketgan, ammo Birinchi jahon urushi nihoyasiga yetgach, 1918 yilda oʻz davlatchiligini qayta tikladi. Afrikada esa 1960 yil "mustaqillik yili" sifatida tarixga kirdi: bir yil ichida 17 davlat, jumladan, Nigeriya va Senegal erkinlikka erishdi.
Sharqiy Yevropada esa 1989 yil avgust oyida millionlab insonlar Vilnyusdan to Tallingacha 600 km uzunlikda, SSSRdan ozodlik talab qilib "Baltika yoʻli" deb atalgan tirik zanjirni tuzishdi. Oradan bor-yoʻgʻi ikki yil oʻtib, bu xalqlar oʻz Mustaqillik kunlarini rasman nishonlashni boshladi.
Baʼzi hollarda bayramning tabiati boshqacha boʻlgan. Masalan, Norvegiya 17 may kuni Daniyadan ajralib chiqish emas, Konstitutsiya qabul qilingan kunni nishonlaydi. Har bir mamlakatda bu kunning tarixi oʻziga xos, biroq uning markazida doim bitta narsa turadi: xalq "Biz taqdirimizni oʻzimiz hal qilamiz" degan qarorga kelgan kun nishonlanadi.
Rossiya esa koʻpgina Markaziy Osiyo, Oltoy, Janubiy Kavkaz va Shimoliy Yevropa xalqlari uchun istilochi mamlakat sifatida mustaqillik kunini nishonlamaydi. Unga yaqin bayram – 1990 yil 12 iyun kuni RSFSR davlat suvereniteti deklaratsiyasi qabul qilingan kun – "Rossiya kuni" deb ataladi. Bu bayram 1992 yilda rasman joriy etilgan.
Biroq rus millatchilari uchun bu kun bayram emas, balki motam kuni – chunki bu sana Rossiyaning oʻz koloniyalaridan ajralib qolganini esga soladi. Bayram haqida asosan rasmiy tadbirlar – davlat mukofotlari taqdimotida eslatiladi.
Rossiya rasmiylarining oʻzi ham bu kunni keng nishonlashga intilmaydi. Masalan, 9 may – Gʻalaba kuni nisbatan kengroq nishonlanadi, garchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari deyarli qolmagan boʻlsa ham. Rossiyada 12 iyunda qabul qilingan deklaratsiya hali amaldagi avlod xotirasida, lekin bu sana xalq orasida unchalik katta quvonchli hissiyot uygʻotmaydi.
Ramzlar va anʼanalar
Mustaqillik kunlarining asosiy ramzlari hamon oʻzgarmas: bayroq, madhiya, paradlar, mushakbozliklar. Lekin ular ortida har bir millatga xos anʼanalar mujassam.
AQShda Mustaqillik bayrami timsollari – mushakbozlik, koʻchani toʻldirib teatral namoyishlar va barbekyu tayyorlash. Fransiyada 14 iyul kuni Yelisey maydonida harbiy parad. Hindistonda Dehlida Qizil qalʼa oldida bayroq koʻtarish marosimi. Oʻzbekistonda – Toshkentda ommaviy konsertlar va yurishlar bilan nishonlanadi. 1 sentabr arafasida Toshkentda yuqori darajali rahbarlar va mehmonlar ishtirokida katta konsert boʻlib oʻtadi, prezident xalqni tabriklab, nutq soʻzlaydi. Viloyatlarda esa sport musobaqalari va milliy taomlar festivallari uyushtiriladi.
Ayrim mamlakatlarda oʻziga xos anʼanalar bor. Masalan, Meksikada 15 sentabr kuni kechqurun prezident Milliy saroy balkoniga chiqib, "Grito de Dolores" – erkinlik nidosini aytadi. Bu nido erkinlik kurashi boshlangan paytda ruhoniy Migel Idalgo aytgan soʻzlardan iborat. Afrikadagi davlat – Ganada esa Mustaqillik kunida maktab oʻquvchilari bayromona formada poytaxt Akkra koʻchalarida marsh bilan oʻtishadi – bu mamlakat kelajagida taʼlim ahamiyatini koʻrsatadi.
Har bir davlat oʻz anʼanalarini shakllantiradi, lekin ularning asosida doimo birlik gʻoyasi turadi. Mustaqillik kuni – davlat faqatgina xalqning umumiy irodasi bilan mavjud boʻla olishini eslatadi.
Siyosiy va ijtimoiy maʼno
Hukumat uchun bu bayram – millat birligini namoyish etish imkoniyati. Siyosatchilar uni vatanparvarlikni mustahkamlash, baʼzan esa muammolardan xalq eʼtiborini chalgʻitish vositasi sifatida qoʻllaydi.
Biroq Mustaqillik kuni hamma joyda ham bir xil qabul qilinmaydi. Ilgarigi mustamlaka mamlakatlarida bu kun nafaqat gʻalabani, balki qurbonlar, qon, boʻlingan hududlar xotirasini ham esga soladi. Baʼzan bu kunda norozilik aksiyalari boʻlib oʻtadi. Masalan, Honkongda 1 iyul – hudud Xitoyga topshirilgan kun – koʻpincha mitinglar fonida oʻtadi.
Qizigʻi shundaki, hamma mamlakatda ham Mustaqillik kuni yoʻq. Masalan, Buyuk Britaniya hech qachon davlatchiligini yoʻqotmagani uchun mustaqillik kunini nishonlamaydi. Germaniya esa 3 oktabrda “mustaqillik” emas, balki birlashish kunini nishonlaydi. Bu 1989 yilda Berlin devori qulaganini esga soladi. Bu mamlakatlarda mustamlakadan qutulish emas, balki anʼanalarni saqlash yoki davlat birligini yodga olish mafkurasi ustuvor.
Zamonaviy tahdidlar va yangi shakllar
Bugun Mustaqillik kuni – bu shunchaki parad va bayroqlar emas. Ijtimoiy tarmoqlar bu kunni ommaviy fleshmobga aylantirmoqda: bayroq bilan selfi, heshteglar, konsertlardan jonli efirlar shular jumlasidan. Diasporalar uchun esa – minglab kilometr uzoqda boʻlsalar-da, Vatan haqida eslatib qoʻyish uslubi boʻlib xizmat qiladi. Lekin tahdidlar ham bor: ayrim yoshlar bu bayramga faqat dam olish kuni sifatida qaramoqda.
Mustaqillik kuni – milliymi yo global bayram?
Bu kun milliy taqvim doirasidan tashqariga chiqmoqda, desak toʻgʻri boʻladimi? Maʼlum maʼnoda – ha. Bu butun dunyoda tushunilishi mumkin boʻlgan erkinlik uchun kurashning universal ramzidir. Biroq u hamon milliy ahamiyatga ega, chunki har bir mamlakat bu kunga oʻz tarixini jo etib kelmoqda.
Mustaqillik kuni – oʻtmish bilan kelajak kesishadigan bayram. Unda ham kurash xotirasi, ham gʻalaba shodiyonasi, ham taraqqiyotga umid bor. Ayrimlar uchun – bu ajdodlar bergan qurbonliklar va fidoyilik uchun minnatdorlik, boshqalar uchun – hashamatli paradlar va mushak otishlarni anglatadi.
Mustaqillik kuni tarixi – bu kurash va umid tarixi. Bu bayram turli xalqlarda turlicha mohiyat va shaklda nishonlansa-da, xulosasi bitta: erkinlikka va mustaqil davlatchilikka osonlikcha erishilmaydi, u abadiy neʼmat emas va uni doimo muhofaza qilish zarur.
Abulfayz Sayidasqarov