platina.uz
Maqola

Dunyodagi yoʻl belgilari: yoʻllarning maxfiy tili

1909 yilda Parijda boʻlib oʻtgan xalqaro anjumanda ilk universal yoʻl koʻrsatkich belgilari tasdiqlandi. Ular dastlab atigi toʻrtta edi. 

Dunyodagi yoʻl belgilari: yoʻllarning maxfiy tili

Bugun yoʻllarda transport vositalari va piyodalar harakatini tartibga soluvchi, yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishi va xafsizlikni taʼminlashga xizmat qiluvchi yoʻl belgilari nisbatan yaqin oʻtmishda paydo boʻlgan.

Lekin qadimgi Rim davrida ham yoʻl boʻylariga «miliariy» deb atalgan tosh ustunlar qoʻyilar edi — ular Rimgacha boʻlgan masofani koʻrsatgan. Bu toʻliq yoʻl belgisi boʻlmasada, yoʻllarda sayohatchilar uchun qulaylik ifodasi edi. Keyinchalik esa yoʻl chetini belgilash uchun tosh ustunlar oʻrnatilgan boʻlib, ular qor va tuman paytida toʻgʻri oriyentatsiya olishga yordam bergan.

XIX asrda velosiped keng tarqalishi bilan, velosipedchilar klublari yoʻl chetlariga koʻtarilish va keskin burilishlarda ogohlantiruvchi belgilar qoʻyishni boshlagan. Yoʻllarda avtomobillar paydo boʻlishi esa butunlay yangi “alifbo”ni talab qildi.

1909 yilda Parijda boʻlib oʻtgan xalqaro anjumanda ilk universal yoʻl koʻrsatkich belgilari tasdiqlandi. Ular atigi toʻrtta: «yoʻl kesishmasi», «burilish», «asosiy yoʻl», va «temir yoʻl» belgilari boʻlgan. XX asrda yoʻl belgilari sekin-asta standartlashdi, 1968 yildagi Vena konvensiyasi esa koʻplab davlatlar uchun umumiy shakl, rang va mantiqiy tizimni belgilab berdi.

Nega turli qitʼalarda belgilar farq qiladi?

Amerika matnlarni yaxshi koʻradi, Yevropa esa piktogrammalarni. AQSh va Kanadada koʻp hollarda suratli belgi oʻrniga katta yozuvlar yoziladi: SLOW, SPEED LIMIT 55, WRONG WAY. Yevropada esa tasvir asosiy oʻrinda: ohu surati — yoʻldan hayvon chiqib qolishi mumkinligi haqida ogohlantiradi, belkurak koʻtargan odam surati — yoʻlda taʼmirlash ishlari ketayotganini anglatadi.

Shakllar ham maʼlum bir maʼno ifodalaydi. Masalan, sakkizburchak — STOP har qanday ob-havoda, hatto qorda ham taniladi. Teskari toʻntarilgan uchburchak — «Yoʻl bering» yoki asosiy yoʻlga chiqishni bildiradi. Dumaloq shakl — taqiq yoki cheklov boʻlsa, koʻk aylana — Yevropa uchun taʼkidlovchi ishora hisoblanadi.

Ranglar ham oʻz «signali»ga ega: qizil — taqiq, sariq — ogohlantirish, koʻk/yashil — ruxsat. Lekin farqlar ham bor: Buyuk Britaniyada avtomagistrallarda koʻk yoʻlkoʻrsatkichlar, AQShda esa yashil belgilar odatga aylangan.

Yoʻl belgilarida milliy xarakter

Yoʻl belgilari xalqning madaniyatini ham koʻrsatadi. Yevropa ittifoqida asosiy maqsad — «soʻzsizlik», yaʼni har bir sayyoh til bilmasa ham tasvirni toʻgʻri tushuna olishiga eʼtibor qaratiladi. AQShda esa ingliz tilidagi matnli yorliqlar asosiy oʻrinda. Yaponiyada belgilar aniq, minimalistik va iyerogliflar bilan yozilgan.

Avstraliya va Yangi Zelandiya mahalliy koloritni yoqtirishadi: «Ehtiyot boʻling: kenguru!», «Kivi yoʻlda». Skandinaviyada — ohu va bugʻu belgisi, Janubiy Afrikada esa hatto «Ehtiyot boʻling: gippopotamlar» kabi belgilar bor.

Vena esa bir paytlar Yevrovideniye munosabati bilan yoʻl belgisiga turli juftliklar (shu jumladan, bir jinsli) tasvirini joylashtirib, shahar tolerantligini namoyon qilgan.

Sayyohlarni jalb etuvchi yoʻl belgilari

Uelsdagi dunyodagi eng uzun joʻgʻrofiy toponim Llanfairpwllgwyngyll… yoʻl koʻrsatgichi — sayyohlar uchun suratga tushish joyiga aylangan.

Avstraliyaning Fillip orolidagi «Penguin Crossing» — “pingvinlar yoʻldan oʻtadi!” belgisi jiddiy ravishda pingvinlarga yoʻl berishni talab qiladi.

Islandiyada — shamol haqidagi belgilarda mashinaning yoʻldan uchib ketayotgani aks etgan.

Shveysariya Alplarida — qor koʻchkisi xavfi belgisi, togʻlardagi yoʻllar uchun oddiy hol.

Texnologiyalar belgilarni qanday oʻzgartirayapti?

Texnologik taraqqiyot yoʻl koʻrsatkichlari qiyofasini ham oʻzgartirmoqda. Masalan, elektron tablolar (VMS) tirbandlik, avariya va cheklovlar haqida real vaqtda xabar beradi.

Radarli tablo esa mashina tezligini koʻrsatadi, tezlikni oshirsangiz tabloda «xafa» smaylik paydo boʻladi, meʼyorida yursangiz «kulgan» smaylik chiqadi.

Yorugʻlik qaytaruvchi va quyosh panelli belgilar tunda ham aniq koʻrish imkonin beradi.

Avtomobildagi sensorlar esa yoʻl belgilarini “oʻqib”, salondagi monitorda ham aks ettiradi.

Miyamiz yoʻl belgilarini qanday qabul qiladi?

Tabiatan, odam miyasi avval shakl va rangni, soʻngra esa yozuvni payqaydi. Shu bois STOP belgisi sakkizburchak, «Yoʻl bering» belgisi esa uchburchak shaklida qabul qilingan. Piktogrammalar koʻpincha soʻzsiz tushuniladi, lekin ularga madaniy anʼanalar va milliy mentalitet ham jo qilinishi mumkin.

Yoʻl belgilarini tasdiqlashda genderga oid bahslar ham boʻladi. Ayrim davlatlarda yoʻlovchi belgisida «yubkali» ayol qiyofasi, boshqalarida esa uning zamonaviy muqobillari qoʻllaniladi.

Eng gʻalati va qiziqarli belgilar

Yangi Zelandiyada «Bir yoʻlli koʻprik» belgisi — haydovchilarni navbat bilan oʻtishga oʻrgatadi. Islandiyada shamol yoki tosh yoʻl haqidagi belgilar mavjud. Hindiston va Nepalda «HORN OK PLEASE» — haydovchilardan signal chalishni talab qiladi.

Ayrim joylarda yumor ham bor: AQShda «Ayiqlarni ovqatlantirmang — ular semiz va yalqov», Angliyada esa «sekinroq oʻting: qoʻylar siyosatni muhokama qilishyapti» kabi belgilar mavjud. Ayrim joylarda esa jarlik chetidagi yoʻl belgisiga “Uchishni oʻrganasiz” deb yozilgan.

Qaysi belgilar koʻproq inkor qilinadi?

Koʻp belgilar bir joyga toʻplansa, odam miyasi ularni filtrlaydi. Shunga binoan, zamonaviy yoʻlsozlikda ortiqcha belgilarni oʻrnatmaslikka harakat qilishadi. Eng muhimlari — tezlik cheklovi, maktab oldidagi belgilar va temiryoʻl belgilarini qoʻshimcha ravishda yorugʻlik, «yotgan politsiyachi» kabi usullar bilan kuchaytirishadi, odatda.

Vena konvensiyasi va unga rioya etilishi

1968 yildagi Vena konvensiyasi yoʻl belgilari uchun umumiy standart yaratdi. Yevropa, Osiyo va Afrikaning koʻp qismi unga amal qiladi. AQSh, Kanada, Avstraliya esa oʻz standartlariga ega (MUTCD), lekin umumiy maʼnolarda farq kam: STOP hamma yerda sakkizburchak, ogohlantirish esa koʻpincha sariq romb ichida boʻladi.

Kelajak: avtonom mashinalar davrida belgilar

Avtomobillar hozirning oʻzida belgilarni oʻqiyapti. Lekin hozirgi qiyofadagi yoʻl belgilari hali uzoq yillar saqlanib qoladi. Chunki hamon odam omili haydash jarayonida ishtirok etmoqda, texnika ishdan chiqishi ham mumkin. Piyodalar va velosipedchilar esa hamon yoʻl belgilarini oʻz koʻzi bilan koʻrishga muhtoj. Lekin kelajakda yoʻl belgilari oʻziga xos raqamli mayoqqa aylanadi, AR (qoʻshimcha reallik) esa avtomobil old oynasiga virtual hamda shaffof belgilarni chiqaradi.

Shu bois taʼkidlash mumkinki, yoʻl belgilari — shunchaki zerikarli va murakkab «taxtachalar» emas, balki davlat, madaniyat va texnologiyaning uygʻunlashgan tilidir. Ular qadimgi tosh ustunlardan boshlanib, global standartlarga aylandi va endi raqamli kelajak sari dadil qadam tashlayapti.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid