AIPAC oʻrgimchagi: lobbi xalqdan kuchli boʻlgan voqelik
Dastlab yosh yahudiy davlatini qoʻllab-quvvatlash uchun tuzilgan tashkilot AQSh Kongressini, hatto milliy iqtisodiyot va ichki-tashqi siyosatni ham nazorat qilib kelishi aytiladi.

Yahudiy lobbisi AQSh siyosatini, hukumat qarorlarini qattiq nazorat qilishi haqida koʻpchilik eshitgan. Yahudiy lobbisining taʼsiri, Isroil va dunyodagi sionistlar manfaati borasida gap ketganida, ayniqsa ochiq koʻrinadi. Bu lobbichilik harakati asosan AIPAC (Amerika-Isroil jamoatchilik aloqalari qoʻmitasi) koʻrinishida faoliyat yuritadi. Uning faoliyati turli shubha gumonlar fonida davom etib keladi.
AIPAC nima bilan shugʻullanadi?
AIPAC 1954 yilda AQShdagi yahudiy tashkilotlari rahbarlari tomonidan tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi — yosh yahudiy davlati boʻlgan Isroilga Amerika Qoʻshma Shtatlari hukumati tomonidan siyosiy qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash edi. Shu paytdan boshlab, AIPAC AQSh va Isroil oʻrtasidagi iqtisodiy, siyosiy va harbiy munosabatlarni mustahkamlashga doimiy ravishda faol hissa qoʻshib kelmoqda.
Faoliyatini Kongressdagi koʻplab lobbilardan biri sifatida boshlagan AIPAC, vaqt oʻtishi bilan Vashingtondagi markaziy qarorgohi va AQSh boʻylab mahalliy vakolatxonalariga ega boʻlgan nufuzli tashkilotga aylandi. AIPAC aʼzolari faqat Kongressda emas, balki jamiyatning turli qatlamlari orasida ham faol ish yuritishadi. Ular AQSh va Isroil oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mustahkamlash boʻyicha tadbirlarga iloji boricha koʻproq amerika fuqarolarini jalb etishga harakat qilishadi.
AIPAC bir necha bor tanqidlarga uchragan — ayniqsa, u Isroilni qoʻllab-quvvatlayotgan barcha amerikalik yahudiylarning fikrini toʻliq ifoda etmaslik va faqatgina Isroildagi oʻng qanot siyosatchilarning, sionistlarning nuqtai nazarini himoya qilishda ayblanadi.
AIPAC faoliyatiga bagʻishlangan eng mashhur tanqidiy asarlardan biri — Chikago universiteti professori Jon Mirsheymer va Harvard universiteti professori Stefan Valtning «Isroil lobbisi va AQSh tashqi siyosati» nomli kitobidir. Ushbu kitobda mualliflar AIPAC’ni «Isroil manfaatlarini himoya qiluvchi lobbining eng kuchli va eng mashhur boʻlagi» deb atab, uni AQSh tashqi siyosatining yoʻnalishini buzib koʻrsatayotgan tashkilot sifatida baholaydilar.
Baʼzi ekspertlarning fikricha, AIPAC oʻtgan oʻn yilliklarda AQSh Kongressini, hatto milliy iqtisodiyotni va ichki-tashqi siyosatni ham nazorat qilib kelmoqda. U Kongressga saylanmoqchi boʻlgan nomzodlarni qoʻllab-quvvatlaydi, ularning saylov xarajatlarini qoplaydi — albatta, agar ular Isroil manfaatlarini himoya qilsa. Agar tanqid qilsa — jazolaydi.
2021 yil oxirida AIPAC saylov jarayonlarida yanada faol boʻlish uchun oʻzining siyosiy harakatlar qoʻmitasi (AIPAC PAC) va «United Democracy Project» nomli superqoʻmitani tashkil etdi. Shuningdek, baʼzi manbalarga koʻra, AIPAC AQSh Federal zaxira tizimiga ham maʼlum darajada bosim oʻtkaza oladi.
AIPAC odatda ikki yoʻl bilan taʼsir qiladi:
1. Saylovlarga taʼsir — ovozlarni sotib oladi, jamoatchilik fikrini oʻzgartirishga urinadi. Hokimiyatdagi lavozimlarga faqat «oʻz odamlari»ni qoʻyishga harakat qiladi.
2. Qonunlargava yuqori darajadagi qarorlarga taʼsir — kongressmenlar, senatorlar va gubernatorlarni moliyaviy jihatdan «sotib oladi».
Amerika xalqi zimmasidagi “Isroil soligʻi”
Vashington, 2025 yil avgust. Jazirama yoz hamon avjida. Kapitoliy tepaligida yana muhokamalar qizimoqda — lekin bu gal inflyatsiya yoki Ukrainaga yordam haqida emas. Kun tartibida — Isroil. Bu masalaning soyasida turgan bir kuch bor — uni hech kim saylamagan, lekin unga oʻnlab saylanganlar boʻysunadi. Bu inson emas. Bu — AIPAC.
Amerika-Isroil jamoatchilik aloqalari qoʻmitasi — uning nomini hamma amerikaliklar bilmasligi mumkin, lekin har bir senator uning taʼsirini yaxshi biladi. Bu oddiy lobbi emas. Bu — qudratli siyosiy kuch.
Bu shunday kuchki, u minglab volontyorga ega boʻlgan nomzodni saylovlarda yengib, uni "toʻgʻri ovoz beradigan" boshqa nomzod bilan almashtira oladi. Siyosatni shaxmat taxtasiga aylantiradi, u yerdagi toshlar esa kongressmenlar timsolida boʻladi.
Xalq "yoʻq" deydi, siyosatchilar esa jim
2025 yil bahorida Gallup tegishli ijtimoiy soʻrov natijalarini eʼlon qildi. Ularga koʻra, AQShda demokratlar orasida Isroilga boʻlgan qoʻllab-quvvatlash tarixdagi eng past koʻrsatkichga tushgan. Faqat 12% amerikalik demokratlar AQSh Isroil manfaatlarini Yaqin Sharqda birinchi oʻringa qoʻyishi kerak, deb hisoblaydi. Yoshlar orasida bu koʻrsatkich yanada pastroq.
Shu bilan birga, AQSh prezidenti Isroilga milliardlab dollarlik harbiy yordam berishni davom ettirmoqda. Nega? Javob - xalq xohishida emas. Javob — koʻzdan yashirin ofislarda, oʻzini oshkor qilmaslikka urinuvchi kostyumli va qudratli odamlar qoʻlida.
Isroil gʻalabalarini AQSh hisobidan toʻlovchi jamiyat
2024 yilgi saylovda AIPAC oʻzining United Democracy Project Super PAC orqali 12 million dollardan ortiq mablagʻ sarfladi. Nima uchun? Demokratiyani magʻlub qilish uchun! Bu pullar Jamaal Baumen, Korri Bush, Sammer Li kabi progressiv nomzodlarga qarshi ishlatildi. Chunki ular Gʻazoga insonparvarlik yordami joʻnatish, bombardimonlarni toʻxtatish, xorijiy lobbilar ustidan nazoratni kuchaytirish rejalari bilan saylov maydoniga kirib kelishgan edi.
Bu oddiy pul emas. Bu — saylovchilarning vakili boʻlishga intilganlarga berilgan zarba. Baumen yutqazdi. Bush ham. Li — omon qoldi. Ammo qaysi toʻlov evaziga?
Qoʻzgʻolonchilar maydonda
AIPAC raqiblarini turlicha atashadi: “The Squad”, “chap liberal radikallar”, “Isroil dushmanlari”, antisemitlar. Lekin aslida — ular tizim ichidagi haqiqat ovozlari, yahudiy lobbisiga qarshi chiqishga jurʼat qila olgan insonlardir.
2024 yil mart oyida yangi koalitsiya paydo boʻldi — "Reject AIPAC". 20 dan ortiq progressiv tashkilotlar "Bas!" deb aytish uchun shu gʻoya atrofida jipslashdi. Ular AIPAC’ni tamaki lobbisi, qurol lobbisi va neft kompaniyalari bilan qiyoslaydi. Sababi, uning «yahudiy» ekanligi emas. Sababi, u — demokratik kuch emas.
«Biz yahudiylarga qarshi emasmiz. Biz korrupsiyaga qarshimiz», — deya bayonot berdi Jessika Ramires AIPAC binosi oldida oʻtkazilgan mitingda. «Siyosat kim koʻproq toʻlasa — shunga tegishli boʻlmasligi kerak. Xususan, qon evaziga, millionlar evaziga boʻlmasligi kerak», dedi Ramires.
Donald Tramp va kutilmagan burilish
Ajablanarli holat: hatto oʻng qanot orasida ham shubhalar paydo boʻlmoqda. MMA jangchisi va MAGA (Make America great again), yaʼni Tramp lageri tarafdori Shon Striklend shunday deydi:
«Agar menga AIPAC tomonidan sotib olingan nomzod bilan rostgoʻy demokrat orasida tanlov qilish kerak boʻlsa — men demokratni tanlayman». Bu demokratiyaga muhabbat emas. Bu — havas. Axir biz “Avvalo Amerika” deymiz, lekin bizga xorijiy lobbistlar buyruq beryapti!
Hajviya yoki fojia?
AIPAC har yili AQSh kongressmenlarini Isroilga olib boradi. Yahudiy erkaklar diniy bosh kiyimi – kipa kiyib Knessetda suratga tushishlar, Yigʻi devoriga bosh urib, boʻsa olishlar, tabassumlar, qoʻl siqishlar, qoʻllab-quvvatlash haqida vaʼdalar fonida kechadi bu tashriflar. Lekin bu suratlar fonida — Gʻazodagi gumanitar fojia, genotsid, huquq faollarining umidsiz faryodlari sezilmay qoladi.
AQShning yangi saylangan prezidentlari, gubernator va kongressmenlari va hatto Nyu York meri ham ilk safarini Isroilga bagʻishlashi va sionistlarga oʻz sadoqati va muhabbatini namoyon etishi shart. Aks holda siyosiy faoliyatiga nuqta qoʻyiladi. Tovlamachilik, tuhmatlar va hatto qotilliklar vositasida!
«Bu — diplomatiya emas. Bu — ikkiyuzlamalik», — deydi Detroytlik yosh jurnalist Adam Huseyn. — «Ular kamera oldida kulishadi. Falastinda esa odamlar Isroil armiyasi tashlagan bomba hamda rakeatalardan, oʻq yomgʻiri va ochlikdan halok boʻlishyapti».
Tarozining ikki pallasi
AIPAC hamon qudratli. Lekin jamoatchilik fikri, siyosiy muhit va saylov texnologiyalari oʻzgarmoqda. Ayniqsa shu kunlarda Isroil armiyasi va bosh vaziri Benyanmin Netanyahuning zulmkor siyosati va shafqatsiz genotsidi koʻpchilik siyosatchilarni oʻylantirib qoʻymoqda. Bir tomonda — milliardlar, tanish-bilishlar, aloqalar, sotib olingan siyosatchilar. Ikkinchi tomonda esa — yorqin ovozlar, yoshlar, sabr kosasi toʻlib borayotgan jamiyat.
Shu jarayonlar ortidan bir savol tugʻiladi: AQSh demokratiyasi qachongacha AIPAC diktaturasiga sabr qila oladi?
Abulfayz Sayidasqarov