Afgʻoniston sharqidagi zilzilada 250 kishi halok boʻldi
Qurbonlar yana koʻpayishi mumkin. Zilzila epitsentri 8 km chuqurlikda joylashgan.

Afgʻonistondagi zilzila oqibatida 250 kishi halok boʻldi. Yana yuzlab kishilar jarohatlandi.
Gap nima haqida?
1 sentabrga oʻtar kechasi Afgʻoniston sharqida Pokiston bilan chegaraga yaqin joyda yer silkinishi sodir boʻldi.
Natijada zilzila qurbonlari soni 250 kishiga yetdi, 500 ga yaqin yarador bor, deb xabar bermoqda Afgʻoniston Baxtar axborot agentligi. Bu raqamlar "yakuniy emas, chunki qutqaruv guruhlari hali ham chekka hududlarga yoʻl olishmoqda" va koʻchkilar tufayli baʼzi yoʻllar yopilganiga aniqlik kiritildi. Qurbonlar Afgʻonistonning olti sharqiy viloyatida yashagan. Ayrim nashrlar esa 500 nafar qurbon haqida ham yozmoqda. Qidiruv-qutqaruv ishlari oʻtkazilmoqda.
6,0 magnitudali zilzila Afgʻoniston poytaxti Kobuldan taxminan 200 km va Pokiston poytaxti Islomoboddan 400 km uzoqlikda sodir boʻlgan.
Zilzila epitsentri 8 km chuqurlikda joylashgan. Asosiy silkinishdan soʻng 4,5 dan 5,2 ballgacha boʻlgan uchta zilzila qayd etilgan.
Dastlab maʼlumotlarga koʻra, qurbonlar soni 20 kishini tashkil etgan, 100 dan ortiq kishi jarohat olgan. Shu bilan birga, AQSh Geologiya xizmati maʼlumotlariga koʻra, "oʻlganlar soni yuzlab boʻlishi mumkin".