Lukashenkoning muxolifatchi ayollarga qarshi kurashi
Payti kelganida ular kuldan qayta bosh koʻtaruvchi samandar qushi sifatida maydonga chiqmasligi mumkin, ammo yangi inqilobiy-siyosiy kuchlarni ilhomlantirish xususiyatini aslo yoʻqotmaydi.

2025 yil 22 avgust kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko BELTA agentligiga bergan navbatdagi intervyusida qochqinlikdagi muxoliflarning vakillari bilan muzokara oʻtkazish uchun oʻzida hech qanday sabab koʻrmasligini aytdi.
Kartoshkachi diktator
Hozirgi, de-fakto Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko oʻz siyosiy faoliyatiga kirishishidan oldin sovxoz direktori boʻlib ishlagan. U 1994, 2001, 2006, 2010, 2015, 2020 va 2025 yillardagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etgan. 2000 yil 26 yanvardan (shartnoma kuchga kirgan kundan boshlab) – Rossiya bilan ittifoq davlatining oliy davlat kengashi raisi hisoblanadi.
Lukashenko 1994 yilda prezident etib saylanganidan soʻng, Rossiya bilan yaqinlashishga harakat qildi va keyingi yillarda Rossiya prezidenti Boris Yelsin bilan ikki davlat oʻrtasida ittifoq tuzishni nazarda tutuvchi qator kelishuvlarga imzo chekdi. 1996 yilda qabul qilingan yangi konstitutsiya Lukashenkoga vakolatlarni kengaytirish imkonini berdi. 1999 yilda Lukashenko va Yelsin ittifoq davlati tuzish toʻgʻrisidagi shartnomaga imzo qoʻyishdi: bu barcha shakldagi hamkorlikni nazarda tutib, har ikki davlat mustaqilligini saqlab qolishni nazarda tutgan.
Ammo 1999 yil 17 oktabrda minglab belaruslar Rossiya bilan ittifoq hukumati tuzilishiga, mustaqillikni yoʻqotishga qarshi chiqishdi. Shu munosabat bilan Belarus hukumati ikki davlat orasidagi integratsiyani vaqtincha toʻxtatdi.
2025 yil 26 yanvarda Belarusda navbatdagi – yettinchi prezidentlik saylovlari boʻlib oʻtdi. Amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko uchun bu yettinchi saylov boʻlib, u 1994 yildan buyon uzluksiz davlatni boshqarib kelmoqda.
Jurnalistlarning baholashicha, 2020 yilgi saylovlardan farqli oʻlaroq, 2024 yilgi prezidentlik saylovoldi kurashida raqobatning hech qanday koʻrinishi boʻlmadi. Saylovda faqat Lukashenkoga sadoqatli siyosatchilar ishtirok etdi, mustaqil nomzodlar yoʻq edi. Mustaqil kuzatuvchilarga ruxsat berilmadi va xorijda ovoz berish uchastkalari tashkil qilinmadi.
Muxolifat nimani talab qiladi?
Belarus muxolifati – 1988-1991 yillarda sovet Belarussi hokimiyatiga qarshi chiqishga harakat qilgan va 1995 yildan buyon mamlakat rahbari Aleksandr Lukashenkoga qarshi kurashayotgan fraksiyalar va alohida shaxslarni oʻz ichiga oladi. Ularning tarafdorlari Gʻarb modeliga asoslangan parlament demokratiyasi, soʻz erkinligi, siyosiy va diniy plyuralizmni talab qiladi.
Lukashenko 2004 yili uchinchi muddatga nomzod koʻrsatish uchun konstitutsiyaga oʻzgarish kiritdi va 2006 yilgi saylovlarda “gʻolib chiqdi”, ammo saylovni soxtalashtirish holatlari gumon qilindi. Koʻplab davlat va tashkilotlar bu saylovni qoraladi; Yevropa Ittifoqi Lukashenko va bir qator lavozimdorlarga oʻz aʼzo davlatlariga kirishni taqiqladi. 2008 yilda oʻzaro munosabatlarni yaxshilash maqsadida YeI Lukashenko uchun oʻziga kirish taqiqini vaqtinchalik bekor qildi.
2020 yil 9 avgustdagi saylovda, rasman eʼlon qilingan natijalarga koʻra, Aleksander Lukashenko 81,1 % ovoz olgan, S.Tixanovskaya esa ikkinchi oʻrinda boʻlib – 10,1 % olgan. Ammo muxolifat va mutaxassislarga koʻra, saylov natijalari soxtalashtirilgan, Tixanovskaya aslida koʻproq ovoz olgan va prezident etib tan olinishi kerak edi.
Rasmiy natijalar xalq uchun kutilmagan boʻlib chiqdi, natijada Belarusda Lukashenko isteʼfosini talab qilgan keng koʻlamli norozilik namoyishlari boshlandi. Tixanovskaya Lukashenkoni hokimiyatni kuch bilan egallab olishda ayblab, yangi va adolatli saylovlar oʻtkazishni talab qildi. Bu noroziliklar kuch bilan bostirilgach, Belarusda qoʻrquv va siyosiy repressiyalar muhiti oʻrnatildi. Gʻarb davlatlari Lukashenkonni legitim prezident deb tan olmadi; Faqatgina Rossiya, Turkiya, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari saylov natijalarini tan oldi. YeI, Kanada, AQSh, Buyuk Britaniya, Ukraina va boshqa bir qancha davlatlar Lukashenkoni legitim prezident sifatida tan olishdan bosh tortdi.
2020 yil sentabrda Lukashenko oltinchi muddatga tor doirada oʻtgan yopiq tadbirda (ommaviy emas) prezident sifatida qasamyod qabul qildi. Muxolifat liderlari, xususan, Svetlana Tixanovskaya chet elga qochishga majbur qilindi.
Tixanovskaya 2020 yil 11 avgustda Belarusni tark etdi va Litvaga oʻrnashdi hamda oʻzini milliy rahbar deb eʼlon qildi. Shundan keyin u Yevropa davlatlariga koʻplab safarlar uyushtirdi. Polsha va Germaniyada uni oliy darajadagi davlat rahbari sifatida qabul qilishdi. 2020 yil 10 sentabrda Litva Seymi Tixanovskayani legitim prezident deb eʼlon qildi.
2022 yilda Lukashenko Rossiya harbiylariga Belarus hududidan Ukrainaga kirish imkonini berdi; bu uning xalqaro izolyatsiyada qolishi va Rossiyaga batamom qaramlashishiga sabab boʻldi.
Lukashenko – ayollarga qarshi
2020 yil yozida uch belarus ayol – Svetlana Tixanovskaya, Mariya Kolesnikova, Veronika Sepkalo Lukashenkogo qarshi norozilik namoyishlarining yetakchisi va timsoliga aylandi. Ular odamlarni birlashtirishga harakat qilishdi, Lukashenko esa “ayollar prezidentlik uchun munosib emas, konstitutsiya ayollar uchun yozilmagan”, deya bayonot berdi.
Ushbu muxolifat uchligi (trio) saylovdan keyin tez ajralib ketdi.
Veronika Sepkalo saylov kunini Moskvada oʻtkazdi, 10 avgust kuni esa Minskka keldi va Belarusdan chiqib ketdi. U yerga boshqa qaytmadi.
Svetlana Tixanovskaya esa 2020 yil 10 avgust kuni kechgacha Belarusda boʻldi. U rasman saylov natijalari ustidan shikoyat arizasi kiritdi. Markaziy saylov komissiyasiga keldi, u yerda Svetlanani xavfsizlik xizmatlari nazorat ostiga olishdi. Tixanovskayaga, agar mamlakatni tark etmasa, qoʻlga olinishi va bolalari yetimxonaga berib yuborishlari aytildi. U faqat shunday kelishuvga erishdi – hukumat unga hamroh boʻlgan hamfikri Mariya Morozni ham qoʻyib yuborishsa, u bilan birga chiqib ketishiga rozi boʻldi. 10 avgustdan 11 avgustga oʻtar kechasi ular Litvaga kelishdi.
Veronika Sepkalo oʻsha kuni Tixanovskayaga qoʻngʻiroq qilishga uringan, lekin qoʻngʻiroqqa yordamchisi javob bergan, keyin telefon umuman javob bermay qoʻygan. Sepkalo Tixanovskaya bilan uchrashish uchun Litvaga kelganini aytadi, ammo unga karantin tadbirlari sababli uchrashishga ruxsat berilmagan.
Mariya Kolesnikova esa Minskda qoldi. U avgust oyidagi barcha norozilik aksiyalarida ishtirok etdi va doim kuzatuv va taʼqib ostida boʻlgan.
6 sentabr kuni turli joylardan yozib olingan, Tixanovskaya, Kolesnikova va Sepkaloning yangi norozilik aksiyasiga chiqishga chaqiruvchi bayonotlari efirga uzatildi. 7 sentabr kuni kechqurun Mariyu Kolesnikovani koʻchada hibsga olishdi. Oʻsha paytning oʻzidayoq u oxirgi kunlarda Tixanovskaya va Sepkalo bilan aloqa qilmayotganini aytdi.
Veronika Sepkalo – uning turmush oʻrtogʻi Valeriy Sepkalo singari – Tixanovskayani tanqid qilishni 2020 yilning oʻzida boshlagan. Unga koʻra, Tixanovskaya muxolifatning muhojirlikdagi yagona ovozi boʻlishni istagan va atrofida namoyishlarga hech qanday aloqasi yoʻq odamlar paydo boʻlgan. Keyinchalik bu tanqid yanada keskinlashdi, masalan, uning ofisini moliyaviy faoliyat shaffof emaslikda aybladi.
Svetlana Tixanovskaya esa bu tanqidlar va trio tarqalib ketgani haqida gapirishni istamaydi: "Ehtimol, hammasi yana izga tushib ketgach va oʻzgarishlar jarayoni boshlangach, shunda bu ranjish va daʼvolarni shkafdan chiqarib, ommaga koʻrsatish mumkin boʻlar. Ammo hozir bunday ishlar kerak emas, foyda ham bermaydi", deydi u.
2022 yil may oyida Germaniyaning Axen shahrida, Karl Buyuk mukofoti topshirish marosimida Tixanovskaya, Sepkalo va Kolesnikovani taqdim etgan Tatyana Xomich diktatura, zoʻravonlik va nolegitim rejimga qarshi kurashda "betakror namuna" sifatida yana bir marta sahnada koʻrinish berdi.
Hozir Mariya Kolesnikova 11 yillik qamoq jazosini oʻtayotgan boʻlsa, Veronika Sepkalo 12 yil qamoq jazosiga sirtdan hukm qilingan (turmush oʻrtogʻi Valeriy Sepkalo ham 17 yilga sirtdan hukm etilgan); Svetlana Tixanovskaya esa Belarus sudi tomonidan 15 yilga sirtdan hukm qilingan.
Kurashlardan foyda boʻldimi?
Mutaxassislarning fikricha, bu uch ayol – trio – 2020 yil 9 avgustga qadar oʻz vazifasini bajardi: ular xalqqa Lukashenkoga muqobil variantlar borligini koʻrsatdi.
Svetlana Tixanovskaya oʻzining asosiy yutugʻi sifatida – Belarus muxolifati va hokimiyat oʻrtasidagi toʻqnashuvning besh yil oʻtganiga qaramay, dunyo axborot kun tartibidan tushib ketmaganini qayd etadi.
Tixanovskayaning taʼkidlashicha, muxolifat quvgʻinlikda yurib, muqobil hokimiyat institutlarini yaratgan, ammo ular Belarus ichidagi voqelikka hech qanday taʼsir koʻrsata olmayapti. Buni hatto Tixanovskayaning tarafdorlari ham tan olishmoqda. Shuningdek, yangi Konstitutsiya loyihasi ishlab chiqilgan, “Yangi Belarus” pasportlarini tan olishga urinishlar qilingan, lekin bu urinishlar muvaffaqiyatsiz tugagan.
Veronika Sepkalo esa bu yutuqlarni "faoliyat uchun faoliyat" deb tanqid qiladi.
"Menda siyosiy ambitsiyalar yuzaga kelmadi, – deydi Svetlana Tixanovskaya. –Biz inqilobimizni hokimiyatni tinch yoʻl bilan tranzit qilish orqali yakunlash va yangi hamda adolatli saylovlarga erishishni orzu qilamiz. Lekin men bu saylovlarda ishtirok etmayman. Men kelajakda oʻz oʻrnimni topaman, ehtimol, bu ham Belarusga xizmat qiladi, lekin bu xizmat boshqacha ampluada boʻladi", degan Tixanovskaya.
Xulosa
Umuman olganda, Belarus muxolifati ushbu uch ayolga qattiq bogʻliq:
Svetlana Tixanovskaya – muxolifatning tashqi yuzi va strategik markazi, xalqaro tan olinish va tashqi faoliyatni taʼminlamoqda;
Mariya Kolesnikova – harakatning maʼnaviy va ramziy poydevori, uning taqdiri tarafdorlarni ilhomlantiradi;
Olga Kovalkova – tashkiliy-huquqiy resurs, fuqarolar va qarshilik harakati oʻrtasida koʻprik vazifasini bajargan.
Bu uch ayol xalqaro maydonda – turli kontekstda va turli vazifalarda – Lukashenko rejimi uchun hamon tahdid boʻlib qolmoqda. Ular Lukashenko propagandasidagi “minnatdor, mamnun va rozi” xalq obrazidan farqli oʻlaroq, asil vaziyat – xalqning noroziligi ramzi va muxolifatning tashkiliy markazi rolini oʻtamoqda. Ammo ularning samaradorligi – rejim bosimi, ichki ixtiloflar va shaxsiy holatlar sabab – doimiy qoʻllab-quvvatlash va xalqaro hamjihatlikka muhtoj boʻlib qolyapti. Eng muhimi, ular hali “siyosiy murda”ga aylanmagan, jahon hamjamiyati va Belarus xalqi ularni unutishga ulgurgani yoʻq.
Mamlakatda muxolifat olovi oʻchirilgan boʻlsa-da, ushbu 3 ayol adolatga oshufta qalblardagi choʻgʻ shaklida hamon barhayot. Payti kelganida ular kuldan qayta bosh koʻtaruvchi samandar qushi sifatida maydonga chiqmasligi mumkin. Ammo yangi inqilobiy-siyosiy kuchlarni ilhomlantirish xususiyatini aslo yoʻqotmaydi.
Abulfayz Sayidasqarov