Oʻzbekiston davlat qarzi 43,4 mlrd dollarga yetdi
Yil boshidan qarz hajmi 3,16 mlrdga koʻpaygan. Mablagʻning salkam yarmi byudjetni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilmoqda.

Oʻzbekiston davlat qarzi ikkinchi chorakda 785 mlnga oshib, 43,38 mlrdga yetdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlumotlariga asoslanib Pinkod xabar berdi.
Gap nima haqida?
Yil boshidan buyon dalat qarzi hajmi $3,16 mlrdga, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan esa $6,13 mlrdga koʻpaygan. Aprel–iyun oylarida davlat qarzining YaIMga nisbatan ulushi 33,6 foizdan 34,2 foizgacha oshdi.
Qarzning asosiy qismi tashqi manbalar hisobiga shakllangan boʻlib, hozirda tashqi qarz $36,41 mlrdni (84%) tashkil etmoqda.
Tashqi qarzning YaIMga nisbati esa 28,7 foizgacha koʻtarildi. Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan tashqi qarz $5,5 mlrdga ortgan.
Tashqi qarzning $20,39 mlrd qismi qatʼiy foiz stavkalarda, $15,87 mlrd qismi esa oʻzgaruvchan foiz stavkalarda jalb qilingan. Aksariyat mablagʻlar uzoq muddatli kreditlar shaklida berilgan boʻlib, ularni qaytarish muddati bir yildan ortiq.
Ichki qarz esa chorak davomida $67 mlnga kamayib, $6,96 mlrdni tashkil etdi.
Asosiy qarz beruvchilar kimlar?
Davlat tashqi qarzining $19,43 milliardlik qismi xalqaro moliya institutlaridan olingan. Bular quyidagilar:
- Jahon banki — $7,84 mlrd
- Osiyo taraqqiyot banki — $7,46 mlrd
- Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki — $1,69 mlrd
- Islom taraqqiyot banki — $935 mln
- Xalqaro valyuta jamgʻarmasi — $642 mln
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — $401 mln
- Boshqa institutlar (Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi, OPEK jamgʻarmasi, Yevropa investitsiya banki) — $462 mln
Shuningdek, tashqi qarzning 31 foizi yoki 11,2 mlrdlik qismi xorijiy hukumatlarga tegishli moliya tashkilotlari hisobiga toʻgʻri kelmoqda:
- Xitoy taraqqiyot davlat banki, Eksimbank va boshqalar — $3,87 mlrd
- Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi — $3,19 mlrd
- Fransiya taraqqiyot agentligi — $1,16 mlrd
- Koreya Eksimbanki va taraqqiyot jamgʻarmasi — $750 mln
- Germaniya davlat banki — $481 mln
- Saudiya taraqqiyot jamgʻarmasi — $136 mln
- Ispaniya davlat banki — $74 mln
- Turkiya Eskimbank — $27 mln (yangi kreditor)
- Boshqalar — $1,5 mlrd
Bundan tashqari, $5,78 milliardlik tashqi qarz xalqaro obligatsiyalar orqali investorlar tomonidan moliyalashtirilgan.
Qarz mablagʻlari qayerga yoʻnaltirilmoqda?
Davlat qarzi quyidagi sohalarga yoʻnaltirilmoqda:
Byudjetni qoʻllab-quvvatlash — $17 mlrd (47%)
Yoqilgʻi-energetika sanoati — $5,89 mlrd (16%)
Qishloq va suv xoʻjaligi — $3,13 mlrd (9%)
Uy-joy kommunal xoʻjaligi — $3 mlrd (8%)
Transport va infratuzilma — $2,91 mlrd (8%)
Sogʻliqni saqlash, taʼlim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari — $2,93 mlrd (8%)
Tadbirkorlik va sanoat ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash — $851 mln (2%)
Kimyo sanoati — $729 mln (2%).