Yangi Oʻzbekiston koʻchasida yerosti avtomobil yoʻli ochildi
Uzunligi 468 metr boʻlgan yerosti yoʻli soatiga 10 mingdan ziyod avtomobilni oʻtkazish imkoniyatiga ega.

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtning Yangi Oʻzbekiston koʻchasida barpo etilgan yerosti avtomobil yoʻlini koʻzdan kechirdi.
Yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish va transportlar harakatiga qulaylik yaratish – muntazam jarayon. Bu, ayniqsa, aholi soni oshib, hududi kengayib borayotgan Toshkent uchun dolzarb masala.
Xususan, soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekiston koʻchasida istirohat bogʻi, uy-joylar, universitet va Olimpiya shaharchasi qurildi. Bu koʻcha kelgusida Yangi Toshkent shahriga olib boruvchi asosiy yoʻllardan biri boʻladi.
Shu bois, Yangi Oʻzbekiston koʻchasi boʻylab uzunligi 468, kengligi 25 metr boʻlgan yerosti avtomobil yoʻli barpo etildi. U soatiga 10 mingdan ziyod avtomobilni oʻtkazish imkoniyatiga ega.

Tunnelning usti yashil hududga aylantirilib, “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi bilan Olimpiya shaharchasi oʻrtasida piyodalarning xavfsiz harakatlanishi taʼminlandi.
Shuningdek, mazkur yoʻnalishda loyihalashtirilgan metro yoʻli uchun tunnel va bekat ham qurildi.
Aytish joizki, yurtimizda amalga oshirilayotgan har bir loyihada ekologik jihatlar alohida inobatga olinadi. Yangi Oʻzbekiston koʻchasida barpo etilgan yerosti avtomobil yoʻli mashinalarning vaqt sarfini 2 barobarga qisqartirib, kuniga 1 tonna yonilgʻi iqtisod qilinishiga va atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar miqdori 2 tonnaga kamayishiga sabab boʻladi.

Davlat rahbari yerosti avtomobil yoʻlining zamonaviy standartlar asosida tashkil etilganiga eʼtibor qaratdi. Bu kabi ravon yoʻllar xalqimizga qulaylik yaratib, turizm rivojiga hissa qoʻshishi qayd etildi.
Bugun shuningdek, Qatagʻon qurbonlarini yod etish marosimi boʻlib oʻtgandi.
Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, qatagʻon qurbonlari, jadidlar va mustaqillik haqida gapirib oʻtdi.