Qatagʻon qurbonlarini yod etish marosimi boʻlib oʻtdi
Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Davlat rahbari qatagʻon qurbonlari, jadidlar va mustaqillik haqida gapirib oʻtdi.

Shahidlar xotirasi xiyobonida qatagʻon qurbonlarini yod etish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Ushbu sana munosabati bilan 29 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar yigʻildi.
Vatan fidoyilari haqiga Qurʼon tilovat qilindi. Elga osh tortildi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qurʼon tilovat qilindi. Shu yerda ulamo va ziyolilar bilan tarixni oʻrganish va yoshlarga oʻrgatish, mustaqillik va tinchlikni qadrlash haqida muloqot boʻldi.
– Har yili Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yoʻlida jon fido etgan ota-bobolarimiz haqlariga duo qilamiz. Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun kurashgan qahramon ajdodlarimiz jasorati biz uchun doimo ibrat maktabi boʻlib qoladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Maʼlumki, oʻsha mashʼum yillarda 100 mingdan ziyod begunoh vatandoshimiz qatagʻon qilingan. Minglab yurtdoshlarimiz “xalq dushmani” degan nohaq ayblov bilan otib tashlangan, undan ham koʻpi surgun qilingan. Ularning ortidan minglab ayollar beva, bolalar yetim boʻlib qolgan. Oradan qariyb bir asr oʻtgan boʻlsa-da, oʻsha mudhish davrni chuqur iztirob bilan esga olamiz.
Bular bugungi erkin hayotimizni yanada qadrlashga, mustaqillikni mustahkamlashga undashi taʼkidlandi.
– Vatanimiz fidoyilarini ulugʻlash, xotirasini abadiylashtirish boʻyicha koʻp ishlar qilyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Soʻnggi sakkiz yilda 1 ming 200 dan ziyod jafokash bobolarimiz nomi oqlandi. “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilinib, minglab yangi hujjatlar bilan toʻldirildi. Hududlarda ham shunday muzeylar tashkil etildi. Bu yil jadidchilik harakatining yoʻlboshchisi Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligini nishonlayapmiz. Buxoro shahrida Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil qilinmoqda.
Endi bularning mazmunini, “tirik” tariximizni xalqimizga kengroq yetkazish kerak.

Mana, oʻtgan yildan eʼtiboran, har yili oktabrning birinchi haftasini Siyosiy qatagʻon qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida belgiladik. Bu yil ushbu tadbir Xotira va tarbiya haftaligi sifatida oʻtkaziladi. Xoʻsh, bu haftalikda xalqimizga nimalarni yetkazamiz, yoshlarimizga nimani oʻrgatamiz? Tarixchi olimlar, yozuvchi-shoirlar bilan birga buni chuqurroq oʻylab, xalqchil, ommabop qilib yoʻlga qoʻyish kerak. Maktab va universitetlarda qoʻshimcha darslar, telekanallarda maxsus koʻrsatuvlar berish, yoshlar oʻrtasida tanlovlar oʻtkazish mumkin. Mustaqillik qanday buyuk neʼmat ekanini, qanday kuchli ajdodlarimiz borligini elning qon-qoniga singdirish kerak. Agar yoshlarimiz ruhan kuchli boʻlsa, oʻz oldiga katta maqsadlar qoʻyadi, fanlarniyam yaxshi oʻrganadi, yetuk shaxslar boʻlib yetishadi.
Bu borada millat oydinlari hayotini oʻrganish gʻoyat muhim ekani taʼkidlandi.
– Jadid bobolarimiz har sohada ilgʻor edi. Birinchi oʻzbek romani, teatr va kino asarlari, turli fanlar boʻyicha darsliklarni aynan ular yaratgan. Oʻtgan asrning 20-yillarida Germaniyada tahsil olgan turkistonlik talabalar qatagʻon qilinmaganida, butun jamiyatni oʻzgartirardi. Bor tariximizni toʻgʻri yetkaza olsak, yoshlarimiz boshqa qahramon izlamaydi, yetuk bobolarimiz buning uchun tayyor namuna, – dedi Prezident.
Bunday maʼnaviy asos umummilliy birlik va barqarorlik uchun ham zarur. Bugun dunyodagi vaziyat tahlikali boʻlib boryapti. Davlatlarning mustaqilligiga tahdidlar paydo boʻlyapti. Bularning barchasi bizdan doimo ogoh va hamjihat boʻlib, islohotlarni izchil davom ettirishni talab qiladi.
Ulamolar yurtimizdagi shu tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror boʻlishini tilab duolar qilishdi.