Qashqadaryo va Toshkentda giyohvand moddalar savdosi bilan shugʻullanayotganlar ushlandi
Toshkentda jinoiy guruhning faol aʼzosi boʻlgan talaba ushlangan. Qashqadaryoda esa 20 sotix yerda narkotik moddalar ekilgani aniqlandi.

DXX tomonidan Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida narkotik moddalar savdosiga chek qoʻyildi.
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati odimlari tomonidan Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda internet tarmogʻi orqali sintetik narkotiklar savdosi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruhning faol aʼzosi qoʻlga olindi.
Xususan, oldindan kuzatuvga olingan, Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi, 2002 y.t. shaxs oʻzining “Spark” rusumli avtomashinasida narkoguruh tashkilotchilari tomonidan berilgan topshiriqqa koʻra, Toshkent tumaniga borib, muqaddam narkokurʼerlar tomonidan dala maydonidagi xufiya joyga yashirib qoʻyilgan 4 kg 300 gr “alfa-PVP” moddasini qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxs Toshkent shahridagi xususiy oliy taʼlim muassasasining 3-kurs talabasi hisoblanadi.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Hozirda, tergov harakatlari doirasida uning jinoiy sheriklarini aniqlash va tergovga jalb qilish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Respublika miqyosida oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” profilaktik tadbirlari doirasida Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida istiqomat qiluvchi, 2001 y.t. fuqaro oʻz akasining nomida boʻlgan, paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikning 20 sotix yer maydonida juda koʻp miqdorda giyohvandlik vositalari yetishtirish bilan shugʻullanayotganligi toʻgʻrisida maʼlumot olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur yer maydonidan jami 247 tup kannabis oʻsimligi va 27 kg 708 gr marixuana ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bojxona qoʻmitasi bilan hamkorlikda Oʻrtachirchiq tumanida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda “Boʻka-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan, Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala tumanida yashovchi, 1970 y.t., sobiq ichki ishlar xodimi boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina toʻxtatildi.
Avtotransport vositasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, unda – 1975 y.t. Qozogʻiston Respublikasi fuqarosi va Boʻka tumanida yashovchi, 1989 y.t. shaxs ketayotganligi maʼlum boʻlib, mashinaning orqa oʻrindigʻi ortida 979 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sheriklari boʻlgan Bekobod tumanida yashovchi, 1989 y.t. va 2001 y.t. 2 nafar fuqaro ushlanib, ulardan ham 437 gr “gashish” moddasi olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Yangiobod MFYda istiqomat qiluvchi, 1988 y.t., muqaddam sudlangan shaxs va “Birlik” mahallasida yashovchi, 1996 y.t. fuqaro qoʻlga olinib, ulardan 976 gr marixuana olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Andijonda hokim oʻrinbosari qamoqqa olingandi.