Oliy taʼlim vazirligi juda katta "qovun" tushirdi
5 ta universitetga berilgan litsenziyani "texnik xatolik" degan boʻlsa, Adliya vazirligi bunday "texnik xatolik" boʻlmaganini bildirdi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 5 ta universitetga bir nechta qoʻshimcha yoʻnalishlar boʻyicha avvaliga litsenziya bergan, keyinchalik esa texnik xatolik, deb atagan.
Vazirlikka koʻra, 2025 yil 29 avgust kuni soat 06:19 dan 09:53 gacha license.gov.uz axborot tizimida yuzaga kelgan texnik nosozlik sababli koʻrib chiqish muddati tugamagan arizalar boʻyicha ayrim nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarining amaldagi litsenziyalariga oʻzgartirish kiritish haqidagi soʻrovlariga tizim tomonidan belgilangan talab buzilgan holda ijobiy xulosalar shakllantirilgan.

Vaziyat shu qadar jiddiy tus oldiki, Adliya vazirligi ham aralashishga majbur boʻldi. Vazirlik “Litsenziya” axborot tizimi(license.gov.uz)da texnik nosozliklar hamda ruxsat etilmagan harakatlar kuzatilmagan va tizim shtat rejimida ishlab turibdi”, deb bayonot berdi.
Jamoatchilik nima deydi?
Iqtisodchi bloger Otabek Bakirov ushbu holatga izoh berarkan, bunaqasi faqat Oʻzbekistonda boʻlishi mumkinligini aytdi.
"Tasavvur qiling, masalan Markaziy bank XXX, UUU, ZZZ banklariga litsenziya bersa-da, saytiga yoki litsenzion portalga ularning litsenziyasi joylangach, bu texnik xatolik boʻlgan ekan deb tursa. Kim ishonadi? Ishondiyam deylik, bundan keyin reputatsiya nima boʻladi? Diskreditatsiya boʻlgan organning avvalgi va keyingi qarorlari ham shubha ostida qoladimi?
Qizigʻi, Oliy taʼlim vazirligi faoliyatida litsenziyalash bilan bogʻliq "texnik xato edi" qabilidagi bunaqa oʻyinlar birinchisi emas.
Qonunchilik boʻyicha, Litsenziyalash sohasidagi vakolatli organlar ushbu vakolatli organlar tomonidan litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshiradigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni tashkil etishga yoki ularning faoliyatida muassislar, aksiyadorlar yoxud ishtirokchilar sifatida ishtirok etishga haqli emas deb aniq yozib qoʻyilgan. Lekin Oʻzbekistonda boʻlaveradi, qonunlardan istisnolar va mustasnolar ustun", deb yozgan bloger.

"Oliy taʼlim vazirligida oʻtirgan nodavlat taʼlim muassasalariga litsenziya berishga masʼul hamma rahbarni ishdan olish kerak, hammasini!
Sharmandali holat! Bu “litsenziya berilib ketibdi” degan narsa birinchisi emas, ikkinchisi emas, uchinchisi. Ehtimol, oxirgisi ham emasdir.
Qanaqa tizimsizlik va maynavozchilik bu? Kap-katta vazirlik, gap mayda-chuyda narsalar haqida emas, oliy taʼlim bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya haqida. Bu ishda bitta rasmiy munosabat bilan qutulib qolmasliklari shart!", deb yozgan @masofatalim telegram kanali.