Jizzaxda Qoʻriqlash boshqarmasi nazoratchisi qoʻlga tushdi
MChJlar qarzlarini kamaytirib berishni vaʼda qilgan ushbu shaxsning soliq inspektori sifatida ishlagan tanishi ham ushlandi.

Jizzaxda firibgarlik bilan bogʻliq noqonuniy holat fosh etildi.
Davlat tuzilmalarida korrupsion holatlarni aniqlash va ularga chek qoʻyish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unda Jizzax viloyati Qoʻriqlash boshqarmasining Jizzax shahar boʻlimi nazoratchisi qoʻlga olindi. U taʼlim va maishiy xizmat koʻrsatish sohalariga ixtisoslashgan ikkita MChJ faoliyatida yuzaga kelgan soliq qarzdorligi va jarimalarni oʻzining tanishlari yordamida kamaytirib berish evaziga 500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u “xolis xizmatni” joriy yilning iyun oyiga qadar soliq tizimida inspektor lavozimida ishlagan tanishi orqali hal qilib berishi kerakligi aniqlanib, mazkur shaxs ham protsessual tartibda ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq DXX Qashqadaryo va Toshkentda narkotik moddalar aylanmasiga chek qoʻygandi.