Toshkent metrosidagi kassa operatorlari lavozimi toʻliq tugatiladi
Toʻlov uchun avtomatlashtirilgan bankomatlar metropolitenning barcha bekatlarida yil yakuniga qadar oʻrnatiladi.

Toshkent metropolitenida kassa operatori va katta operator lavozimlari tugatiladi.
Bu yil yakuniga qadar amalga oshiriladi, deyiladi "Toshkent metropoliteni" xabarida.
Bugungi kunda Toshkent metropoliteni yoʻlovchilariga qulaylik yaratish hamda kassa oldidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida yoʻl haqini toʻlashning 10 dan ortiq turi mavjud. Metroda toʻlov tizimini amalga oshirishda elektron turdagi toʻlov usullari yanada rivojlanib bormoqda. Shuningdek, metro xizmatidan kamdan kam foydalanuvchilar hamda mehmonlar koʻplab bekatlarda chipta sotib olish uchun moʻljallangan avtomatlashtirilgan bankomatlar oʻrnatilmoqda.
"Shu sababli, kassa operatori lavozimidagi xodimlariga boʻlgan talab kamayib bormoqda. Shu munosabat bilan yopilgan kassalardagi operator lavozimi ish oʻrinlari bosqichma-bosqich qisqartirilmoqda. Jumladan, birinchi bosqich doirasida 204 ta kassa operatori lavozim shtatlari belgilangan normativ huquqiy hujjatlar asosida qisqartirildi", deyiladi xabarda.
Yuqorida taʼkidlangan avtomatlashtirilgan bankomatlarni metropolitenning barcha bekatlarida yil yakuniga qadar oʻrnatish rejalashtirilgan. Buning natijasida, Toshkent metropolitenida kassa operatori va katta operator lavozimlariga boʻlgan ehtiyoj qolmaydi hamda ushbu lavozimlar toʻliq tugatiladi.
Xizmat lavozimi qisqartirilayotgan har bir xodimga, oʻz istak va imkoniyatlaridan kelib chiqib, kasb-hunar oʻrganish kurslarida ishtirok etish taklif qilinadi.
Ular buxgalteriya, tikuvchilik, qandolatchilik va shu kabi boshqa yoʻnalishlardagi kurslardan birini tanlash imkoniyatiga ega boʻladilar. Ushbu oʻquv kurslarining toʻlovlari belgilangan tartibda "Toshkent metropoliteni" DUK tomonidan toʻliq qoplab beriladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq metrodagi 13 ta bekatda kassalar yopilgandi. Naqd pulda chipta sotib oluvchilar ulushi 6-7 foizgacha tushib ketgan.