Jalaquduq tumani hokimi oʻrinbosariga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, qamoqqa olindi
U Ekologiya boshqarmasi mansabdori bilan 4,1 mlrd soʻmlik zarar boʻyicha sudga daʼvo arizasi kiritmaslik va boshqa sabablar evaziga 10 sotixli dala hovlini oʻz qarindoshi nomiga oʻtkazib berishni talab qilgan.

DXX Andijon va Namangan viloyatlarida korrupsion holatlar haqida maʼlumot berdi.
Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasining rahbarlaridan biri hamda Jalaquduq tumani hokimi oʻrinbosari oʻzaro til biriktirgan. Ular mazkur tumandagi baliq yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjalikda aniqlangan 4,1 mlrd soʻmlik zarar boʻyicha sudga daʼvo arizasi kiritmaslik, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan zarar miqdorini 10 barobarga oshirilgan holda undirish choralarini koʻrmaslik, tekshiruv tadbirlarini toʻxtatish boʻyicha fermer xoʻjalik rahbari tomonidan Andijon tumanlararo maʼmuriy sudiga kiritilgan daʼvo arizasini qoʻllab-quvvatlash evaziga fermerga tegishli boʻlgan Xonobod shahridagi 10 sotixli dala hovlini hokim oʻrinbosarining qarindoshi nomiga oʻtkazib berishni talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda tuman hokimi oʻrinbosarining ukasi fermer xoʻjalik rahbaridan dala hovlining kadastr hujjalarini olib, xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariusda ushbu koʻchmas mulkni oʻzining turmush oʻrtogʻi nomiga rasmiylashtirib olayotgan vaqtida fosh etildi.
Holat yuzasidan tuman hokimi oʻrinbosari hamda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi mansabdoriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Boshqa holatda esa Kadastr agentligi Davlat kadastrlar palatasining Andijon viloyatidagi tumanlardan birining filiali boshligʻi xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaroning ishonchiga kiradi.
Mazkur mansabdor shaxs tuman zaxirasida boʻlgan 17 sotix toshloq yer maydonini noturar joy sifatida uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Bu kabi qonun buzilishi Namangan viloyatida ham qayd etildi.
Jumladan, viloyatdagi tumanlardan birining maktab va maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri hamda ikkita xususiy bogʻcha rahbarlari oʻzaro til biriktirib, mahalliy fuqaroning ishonchiga kirishgan.
Xususan, ular oʻzlarining mansabdor tanishlari orqali fuqaroni boshqa tumandagi davlat tasarrufidagi maktabgacha taʼlim muassasalaridan biriga mudira lavozimiga tayinlash evaziga 2500 AQSh dollari talab qilishgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda dastlab oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalaridan birining rahbari 2500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, undan ushbu pul mablagʻini olgan vaqtida ikkinchi oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi rahbari qoʻlga olindi.
Oʻz navbatida u 1000 AQSh dollarini tuman maktab va maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiriga berishi kerakligi aniqlanib, mazkur mansabdor shaxs ham ushbu pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq DXX Toshkentdagi sexda qalbaki dorilar tayyorlanib, sotuvga chiqarilganini aniqlagandi. Dorixonalardan birida “Fanigan”, “Azimak”, “Siprolet” kabi 15 turdagi qalbaki va boshqa muddati oʻtgan dorilar topilgan.