platina.uz
Jamiyat

“Uzbekistan Airways” mahalliy reyslarda qaytish aviachiptasini avtomatik bekor qilishdan voz kechmoqda

Umumiy qabul qilingan qoidaga koʻra, mijoz agar ikki tomonga tashuv (uchib ketish va qaytish) boʻyicha bilet olib, birinchi chiptadan foydalanmasa, ikkinchisi ham bekor qilinadi. 

“Uzbekistan Airways” mahalliy reyslarda qaytish aviachiptasini avtomatik bekor qilishdan voz kechmoqda

“Uzbekistan Airways” AJga borish va qaytish aviachiptasi foydalanish boʻyicha yangilik joriy qilmoqda. Bu Raqobat qoʻmitasining “Uzbekistan Airways” AJga bergan koʻrsatmasiga asosan amalga oshirilmoqda.

Jahon amaliyotida umumiy qabul qilingan qoidaga koʻra, fuqaro avia qatnovlari agar ikki tomonga tashuv (uchib ketish va qaytish) boʻyicha chipta olib, biron-bir sababga koʻra uchib ketish chiptasida birinchi reysdan foydalanmasa natijada uning qaytish yoʻnalishdagi chiptasi avtomatik ravishda bekor qilinadi.

Xususan, “Uzbekistan Airways” AJ ham aynan Adliya vazirligida 29.06.2011 yilda roʻyxatdan oʻtkazilgan 2238-sonli qoidaga asosan shunday tartibda faoliyat yuritadi.

Misol uchun, yoʻlovchi Toshkent-Urganch-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha uchib ketish va qaytishi uchun chipta sotib olgan.

Maʼlum sabablarga koʻra Toshkentdan boʻladigan parvozga kelolmagan va oʻzi Urganchga mustaqil yetib borgan. Ushbu holatda uni Toshkentga qaytish uchun aeroportga kelganida unga birinchi parvozdan foydalanmagani uchun qaytish chiptasi bekor qilinadi.

“Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining:

-2-moddasiga asosan, qonunchilik hujjatlari ushbu Qonunda belgilangan isteʼmolchilarning huquqlarini cheklab qoʻyishi, ularni himoya qilishning kafolatlarini kamaytirishi mumkin emas.

-21-moddasiga asosan, sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Mazkur masala yuzasidan Raqobat qoʻmitasining tegishli koʻrsatmasiga asosan “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan isteʼmolchilarga xayrihoxlik doirasida mahalliy yoʻnalishlarida yoʻlovchilar tashish qoidalariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritilmoqda va texnik imkoniyatlari yakuniy sinovdan oʻtkazilmoqda:

-parvozdan ixtiyoriy ravishda voz kechishga qaror qilgan yoki yoʻnalishning birinchi qismida reysga chiqish uchun roʻyxatdan oʻtishga oʻz vaqtida kelish imkoniyati boʻlmagan yoʻlovchi aviakompaniya tomonidan belgilangan vaqtdan kechiktirmay mazkur jamiyatning vakolatli agentiga bron qilingan tashishdan voz kechish yoki uchish sanasini oʻzgartirish niyati toʻgʻrisida xabar berishi lozim boʻladi. Bunday holatda yoʻlovchining chiptasi qayta rasmiylashtiriladi yoki dastlabki toʻlangan tarif shartlariga muvofiq qaytariladi;

-biror sababga koʻra, roʻyxatdan oʻtish uchun kelmagan yoʻlovchi yoʻnalishning birinchi uchastkasida, tashishni davom ettirish niyati haqida xabar bermagan boʻlsa, aviachiptani qayta rasmiylashtirmasdan yoʻnalishning keyingi uchastkalarida tashish uchun chiptadan foydalanishi mumkin. Bunda, yoʻlovchi yoʻnalishning boshlangʻich uchastkalari uchun foydalanilmagan chipta qiymatini qaytarish yoki qayta rasmiylashtirish uchun murojaat qilganda, yoʻnalishning boshlangʻich uchastkasi uchun rasmiylashtirilgan foydalanilmagan parvoz kuponlari qiymatining 100 foizi miqdorida jarima ushlab qolinadi.

Tariflarni qoʻllash qoidalariga muvofiq yoʻlovchi tomonidan foydalanilmagan yoʻnalish uchastkalari uchun dastlabki aviachiptada koʻrsatilgan aeroport yigʻimlari va aviakompaniya yigʻimlari summalari qaytarilishi yoki qayta rasmiylashtirilishi nazarda tutilmoqda.

Buning natijasida “Havo transportida yoʻlovchi va bagaj tashish qoidalari”ga kiritilayotgan oʻzgartirishlar isteʼmolchilarning huquqlari himoyasini yanada mustahkamlaydi.

Raqobat qoʻmitasi "Uzbekistan Airways" AJ tomonidan isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ushbu xarakatlarini olqishlagan.

Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 65-moddasida Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi, isteʼmolchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlashi belgilab qoʻyilgan.

Avvalroq "Uzbekistan Airways" mijozlarining maʼlumotlaari tarqalib ketgani inkor etilgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid