Uch hafta avval ochilgan korxona oltin koni boʻyicha auksionda gʻolib chiqdi
“Zhongcheng Mining” joriy avgust oyi boshida ochilgan boʻlib, xitoyliklarga aloqador sanaladi. Korxona 13,1 mlrd soʻmlik taklif bilan yutib chiqdi.

26 avgust kuni E-auksion platformasida Navoiy viloyatining “Oydinbuloq” uchastkasida geologik izlanishlar olib borish huquqi savdoga qoʻyildi.
Boshlangʻich narxi 4,12 mlrd soʻm etib belgilangan lot uchun savdo 2 soat 28 daqiqa davom etdi. Yakunda “Zhongcheng Mining” kompaniyasi 13,1 mlrd soʻmlik taklif bilan gʻolib chiqdi. Bu haqda Pinkod xabar berdi.
“Oydinbuloq” uchastkasi Nurota tumani, Debaland shaharchasidan 20,5 km janubi-gʻarbda joylashgan boʻlib, maydoni 40 gektarni tashkil etadi. Geologik hisob-kitoblarga koʻra, bu hududda 1,3 tonna oltin va 7,1 tonna kumush zaxirasi mavjudligi taxmin qilinmoqda.
Eʼtiborlisi, kompaniya atigi uch hafta avval, 2025 yil 8 avgust kuni roʻyxatdan oʻtgan. Uning taʼsischisi sifatida Shi Chunxuan (Shi Chonghuan) koʻrsatilgan.
Shuningdek, roʻyxatdan oʻtganidan bor-yoʻgʻi sakkiz kun oʻtib, yaʼni 14 avgust kuni, “Zhongcheng Mining” Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanidan 15 km uzoqlikdagi “Chettik” uchastkasi boʻyicha auksionda ham gʻolib chiqqan.
Kompaniya 35,6 mlrd soʻmlik taklif kiritib lotni yutib olgan. Bu boshlangʻich narx (4,1 mlrd soʻm)dan 8,6 barobar koʻp. Uchastkaning maydoni 1314 gektarni tashkil qilib, undagi ehtimoliy oltin zaxiralari 4,57 tonna deb baholanmoqda.
Shunday qilib, yangi tashkil etilgan korxona qisqa vaqt ichida ketma-ket ikki yirik oltin konidan foydalanish huquqini qoʻlga kiritdi.
Avvalroq Oʻzbekistonda qisqa muddat ichida toʻrtta oltin konidan foydalanish huquqi sotilgan.