Prezident Oʻzbekiston Milliy muzeyi qurilishini boshlab berdi
Toshkentdagi muzeylarda 1 milliondan ziyod eksponat bor. Joy yetarli boʻlmagani sababli ularning koʻpi omborda saqlanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni Oʻzbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qoʻydi.
Tashrif chogʻida davlatimiz rahbariga ushbu inshoot loyihasi va xususiyatlari, qurilish bosqichlari haqida axborot berildi.
Muzey Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi shafeligida Yaponiyaning “Tadao Ando Architect & Associates” arxitektura byurosi hamda Germaniyaning “Atelier Brückner” kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Uning tashqi qiyofasi aylana, toʻrt burchak va uch burchak shaklida boʻlib, Sharq va Gʻarb madaniyatini oʻzida uygʻunlashtiradi. Majmua 3 qavatli muzey, 2 qavatli yertoʻla hamda yordamchi binolardan iborat boʻladi. Xitoyning “CSCEC International Construction” kompaniyasi tomonidan quriladi.
Poytaxtimizda ushbu muzey qurilishiga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Milliy bogʻi yaqinidagi maydonga madaniyat va sanʼat namoyandalari, olimlar va adiblar, nuroniylar, jamoatchilik vakillari yigʻildi.
– Hamma sohada rivojlanish bilan birga qadriyatlarimizni tiklashga harakat qilyapmiz. Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi, Olimpiya shaharchasi kabi ulkan inshootlar quryapmiz. Buning zamiridagi asosiy maqsad shuki, bu binolar xalqimizga mulk boʻlib qolishi kerak. Mana endi yana bir tarixiy majmua – Oʻzbekiston Milliy muzeyi qurilishini boshlayapmiz. Bu muzey uch ming yillik boy tariximizni odamlarga, dunyo hamjamiyatiga va kelajak avlodga yetkazadigan ilm-maʼrifat va madaniyat maskani boʻladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilganidek, hozir birgina Toshkentdagi 30 ta muzeyda 1 milliondan ziyod eksponat bor. Ularning 100 mingi Davlat sanʼat muzeyida boʻlib, shundan bor-yoʻgʻi 2 ming 400 tasi namoyishga qoʻyilgan. Koʻrgazma zallari yetarli boʻlmagani sababli 97 mingdan ziyodi omborda saqlanmoqda.
– Markaziy Osiyo, Xitoy, Yaponiya, Hindiston va Yevropa davlatlari madaniyatini oʻzida aks ettirgan bu noyob sanʼat asarlari nafaqat bizning, balki butun insoniyatning beqiyos boyligi. Ularni asrab-avaylab, kelgusi avlodlar uchun beshikast yetkazish, dunyo ommasiga namoyish qilish orqali mamlakatimizning boy tarixi va madaniyatini tarannum etish barchamizning muqaddas burchimiz, - deya taʼkidladi Prezident.
Bunday mahobatli muzey yurtimiz tarixida ilk bor barpo etilmoqda. Uning umumiy maydoni 40 ming kvadrat metr boʻladi. Koʻrgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va eksponatlarni saqlash xonalarida eng zamonaviy qulayliklar tashkil etiladi.
Bu orqali hozirda poytaxtimizning turli muzeylarida tarqoq joylashgan tarixiy ashyolar, koʻhna va zamonaviy sanʼat asarlarini yaxlit koʻrish mumkin boʻladi. Umuman, muzeyda bir vaqtning oʻzida 10 mingga yaqin eksponatni namoyish qilish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, 4 ming kvadrat metr maydonda konferensiya zallari, auditoriya va restoranlar, bolalar maydonchalari joylashadi.
Muzey ishga tushsa, atrofidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar doʻstligi saroyi va Oʻzbekiston Milliy bogʻi bilan bir joyda yaxlit meʼmoriy kompozitsiyaga aylanadi. Yurtdoshlarimiz va xorijiy sayyohlar tashrif buyuradigan tematik turizm maskani boʻladi.
Kelajakda ushbu muzey dunyoga mashhur Luvr, Metropolitan va Britaniya muzeylari bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatib, noyob eksponatlar olib kelinadi va koʻrgazmalar tashkil qilinadi.
– Ishonchim komil, yangi barpo etiladigan majmua mamlakatimizning jahon tarixi va taraqqiyotida tutgan oʻrnini yanada yorqinroq koʻrsatadi. Bir yil emas, oʻn yil emas, koʻp yillar davomida xalqimizga xizmat qiladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev soʻzining yakunida.
Shundan soʻng davlatimiz rahbari majmua poydevoriga kapsula qoʻyib, qurilishni boshlab berdi.