Sugʻurta tashkilotini chuv tushirmoqchi boʻlgan YHX inspektori va uning sheriklari sudlandi
Ular YTH faktlarini soxtalashtirib, salkam 50 mln soʻm zararni qoplashga urinishgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Sariosiyo tuman sudi binosida yoʻl harakati xavfsizligi inspektori va uning sheriklari ustidan sud jarayoni boʻlib oʻtdi. Ish 2025 yil 22 avgust kuni koʻrilgan.
Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Gap nima haqida?
Aniqlanishicha, Z.Q. avval Surxondaryo viloyat IIB, Sariosiyo tumani Ichki ishlar boʻlimida yoʻl harakati xavfsizligi inspektori lavozimida xizmat qilib kelgan. U jinoyat sodir etish yoʻliga kirib, S.A. va R.N.lar bilan oldindan til biriktirgan. Inspektor dalillarni soxtalashtirish, tekshirish va baholash chogʻida bila turib yolgʻon maʼlumotlarni kiritgan va buzib koʻrsatgan.
Sudlanuvchi S.A avtotransport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma olmasdan va transport egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilmasdan boshqargan. U Sariosiyo tumani, “Chilonzor” mahallasi hududida gaz quvuriga va daraxtga urib, yoʻl-transport hodisasi sodir etib, mazkur transport vositasiga 49 mln. 310 ming 875 soʻm miqdorda zarar yetkazgan.
Z.Q. esa sheriklari bilan sodir etilgan YTH boʻyicha ushbu transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma va transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta hujjatlarini rasmiylashtirib, mazkur transport vositasini sugʻurtalagan “Temiryo’l-Sug’urta” AJ sugʻurta kompaniyasidan sugʻurta pullarni olish rejasini tuzgan. Soʻngra sugʻurta polisi rasmiylashtirilib, ish Z.Q. yurituviga kelib tushgan.
YHX xodimi fuqaro S.A.dan 06.11.2024 yilda sodir etilgan yoʻl-transport hodisasi 08.11.2024 yilda sodir boʻlganligi haqida soxta maʼlumotlardan iborat tushuntirish xati olgan. Natijada soxta maʼlumotlardan iborat tergovga qadar tekshiruv materiali tayyorlangan. S.A. esa oʻz navbatida 49 mln. 310 ming 875 soʻm miqdordagi sugʻurta pullarni olish uchun “Temiryo’l- Sug’urta” AJ sugʻurta kompaniyasiga murojaat qilgan.
“Temiryo’l-Sug’urta” AJ sugʻurta kompaniyasi tomonidan oʻtkazilgan tekshirishda esa haqiqiy vaziyat fosh boʻlib, jinoyat amalga oshmay qolgan.
Sudda har uchchala aybdor oʻz aybiga toʻliq iqrorlik bildirdi.
Yakuniy hukmga koʻra, Z.Q.ga oʻtash uchun uzil-kesil 2 yil muddatga ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, ishlash yoki oʻqish vaqtidan shuningdek ish yoki oʻqish joyiga borishi va uy-joyiga qaytib kelishi uchun zarur boʻlgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda uy-joyidan chiqishni cheklagan holda 3 yil 11 oy 3 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.
S.A.ga nisbatan esa ish haqining 25 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. N.R.ga esa bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari, yaʼni 37 500 000 soʻm jarima jazosi tayinlandi.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.
Avvalroq Xorazmda "Toza hudud" mansabdorlari aholi toʻlagan pullarni talon-toroj qilgandi.
Ular 260 nafar kishidan undirilgan mablagʻni maxsus billing dasturga kiritmagan.