Oʻzbekiston va Iordaniya yetakchilari Samarqandda muzokara oʻtkazdilar
Ushbu tashrif ikki tomonlama hamkorlikni keng qamrovli sheriklik darajasiga koʻtarishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Iordaniya podshohi Shavkat Mirziyoyevni oʻz mamlakatiga taklif etdi.

Samarqand shahridagi Kongress markazida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning muzokaralari boʻlib oʻtdi.
Siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Gap nima haqida?
Uchrashuv avvalida Iordaniya Podshohi davlatimiz rahbariga tashrif bilan kelishga taklif qilgani hamda Iordaniya delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
Diplomatik munosabatlar tarixidagi ilk oliy darajadagi tashrif ikki tomonlama hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi va uni keng qamrovli sheriklik darajasiga koʻtarishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik va koʻp qirrali amaliy hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib borayotgani, ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyalari oʻxshashligi qayd etildi.
Yetakchilar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida samarali hamkorlik olib borilayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, tashabbuslarni oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni faol davom ettirish zarurligini taʼkidladilar.
Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi konstruktiv muloqotni va idoralar oʻrtasidagi yaqin aloqalarni davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Ikki tomonlama savdo koʻrsatkichlarini karrasiga oshirish, qoʻshma investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga tayyorlik tasdiqlandi.
Kimyo va toʻqimachilik sanoati, "aqlli" qishloq xoʻjaligi, geologiya, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga kelishib olindi.
Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashini ishga tushirib, joriy yil yakunigacha ularning ilk yigʻilishlarini oʻtkazish taklifi bildirildi. Ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va ishlab chiqaruvchilari ishtirokida Oʻzbekiston–Iordaniya biznes forumining oʻtkazilishi ishbilarmon doiralar oʻrtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini oʻrnatishga xizmat qiladi.
Madaniy, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni, shu jumladan qoʻshma madaniyat haftaliklari, konsertlar, ekspozitsiya va koʻrgazmalar oʻtkazish orqali yanada faollashtirishga tayyorlik bildirildi.

Oʻzbekiston va Iordaniya xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari uzoq tarixga ega boʻlib, bugungi kunda yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Shu nuqtai nazardan, umumiy maʼnaviy merosni birgalikda oʻrganish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat islomshunoslik markazlari va institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar bagʻrikeng va maʼrifatli islom gʻoyalarini birgalikda ilgari surish zarurligi haqida yakdil fikrga keldilar.
Davlatimiz rahbari Podshoh Abdulla II tomonidan bundan 10 yil oldin boshlangan "Aqaba jarayoni" tashabbusini yuqori baholab, ushbu muhim tashabbusning navbatdagi yigʻilishlaridan birini Samarqand shahrida oʻtkazishni taklif etdi.
Ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasida muntazam aviaqatnovlarning yoʻlga qoʻyilishi va vizasiz rejim joriy qilinishi ishbilarmonlik aloqalari va oʻzaro sayyohlar oqimining koʻpayishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida Podshoh Abdulla II ibn al-Husayn davlatimiz rahbarini Iordaniyaga tashrif bilan borishga taklif etdi.
Avvalroq ikki rahbar Samarqanddagi obidalarni koʻzdan kechirgandi.