platina.uz
Jamiyat

Migratsiya agentligining ikki xodimi pora bilan ushlandi

Ular oʻtgan yili ham 80 nafardan ortiq fuqarolarni Janubiy Koreya davlatiga yuborish uchun 700 ming dollardan ortiq pul olgan. 

Migratsiya agentligining ikki xodimi pora bilan ushlandi

Pul evaziga Koreya davlatiga ishga yuborish bilan shugʻullangan Migratsiya agentligi xodimlari qoʻlga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar oʻtkazildi.

Xususan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi xizmat mavqeidan foydalangan holda, aldov yoʻli bilan bir guruh fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni Janubiy Koreya davlatiga ishga yuborish evaziga 41 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, u mazkur noqonuniy faoliyatni Migratsiya agentligi markaziy apparatining bosh mutaxassisi bilan birgalikda amalga oshirishi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va Agentlikning ushbu masʼul xodimi ham yuqoridagi pul mablagʻidan 15 ming AQSh dollarini olgan vaqtida jinoyat ustida qoʻlga olindi.

Shuningdek, Migratsiya agentligining mazkur xodimlari 2024 yilda 80 nafardan ortiq fuqarolarni Koreya davlatiga yuborish uchun 700 ming AQSh dollaridan ortiq pul mablagʻlarini olib, hozirga qadar ularni sarson qilib yurganliklari maʼlum boʻldi.

Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 168 va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, mazkur jinoiy guruhning qolgan aʼzolarini aniqlash va ularni tergovga jalb qilish boʻyicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, avval Surxondaryoda energetika sohasining mansabdor xodimiga, Fargʻonada esa Xalq qabulxonasining masʼul xodimiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid