Iordaniya podshohi Samarqandga keldi
Uni aeroportda prezident Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Yetakchilar Shohi Zinda, Registon, "Boqiy shahar" kabi majmualarga tashrif buyurdilar.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn 25 avgust kuni davlat tashrifi bilan mamlakatga keldi.
Samarqand shahri aeroportida Iordaniya Podshohini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Oliy martabali mehmon sharafiga ikki mamlakat davlat bayroqlari koʻtarildi, faxriy qorovul saf tortdi.

Milliy kuy-qoʻshiq va raqslardan iborat tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Soʻngra Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimiy Samarqand shahrining ulugʻvor tarixiy obidalari bilan tanishdi.
Davlat rahbarlari avval Shohi Zinda majmuasiga tashrif buyurdilar.
Bu yerda Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning sahobalaridan biri Qusam ibn Abbos va boshqa arboblarning maqbaralaridan tashkil topgan. Majmuaning tarixiy, madaniy va badiiy ahamiyati shundaki, u meʼmorchilik va bezak sanʼatining bir necha asr davomidagi taraqqiyotini aks ettiradi. Shohi Zinda 2001 yilda YuNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Rasman Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning qizi Fotima va kuyovi Ali ibn Abu Tolibning avlodlari hisoblangan Hoshimiylar sulolasi vakili boʻlgan Iordaniya Podshohi Qusam ibn Abbos xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Qurʼon tilovat qilindi.
Amir Temur maqbarasi ziyorati chogʻida Iordaniya delegatsiyasiga buyuk bobomizning davlatchilik siyosati, harbiy mahorati, turli mamlakatlar bilan diplomatik aloqalari haqida soʻzlab berildi. Sohibqiron hayoti va faoliyati, uning davlati oʻz davrining eng ulkan mamlakati boʻlgani mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Davlat rahbarlari Mirzo Ulugʻbek, Sherdor va Tillakori madrasalaridan iborat Registon majmuasini ham ziyorat qildilar. Asrlar davomida bu obidalar ilm-fan markazi boʻlgan, yuzlab olim va tadqiqotchilarni yetishtirgan. Oʻzining mukammal joylashuvi va uygʻunligi tufayli Registon haqli ravishda Samarqandning "tashrif qogʻozi" hisoblanadi.
Tanishuv chogʻida oliy martabali mehmonga ushbu inshootlarning bunyod etilish tarixi va naqshlarining oʻziga xos jihatlari, maydonda olib borilgan restavratsiya ishlari haqida maʼlumot berildi.
Ikki davlat yetakchilari bilan birgalikda Samarqand xalqaro turizm markazidagi "Boqiy shahar" tarixiy-etnografik majmuasini borib koʻrdi.

Oliy martabali mehmon xalqimizning boy madaniy merosi, hunarmandchilik va amaliy sanʼatini aks ettiruvchi koʻrgazmalarni tomosha qildi. Raqs jamoalarining chiqishlari namoyish etildi.
Bu yerda xalqimizning buyuk oʻtmishi ramzlari toʻplangan, tarixiy shaharlarimizdagi diqqatga sazovor joylarining nusxalari barpo etilgan. Milliy anʼanalarimiz bilan birga doʻst xalqlar bilan aloqalar tarixi ham aks ettirilgan.
Bunday maʼno-mazmun, tarix va bugungi kun uygʻunligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Oʻzbekiston-Iordaniya sammitining asosiy tadbirlari, shu jumladan oliy darajadagi muzokaralar bugun, 26 avgust kuni boʻlib oʻtadi.